O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Azim Mullaxonov “Daryo”ning YouTube’dagi kanaliga bergan intervyusida mustaqillikdan avvalgi yillarda san’atkorlarga qiyin bo‘lgani va to‘ylardagi janjallar haqida so‘zlab berdi.

— Haqiqatan ham 1980—1990-yillar san’atkorlar uchun juda qiyin kechgan. O‘sha davrda ijod qilgan san’at vakillari bu kunlarni yaxshi eslashadi. Odamlar qonun-qoidalarga bo‘ysunishmasdi, ba’zi insonlar uchun san’atkorni urish faxr edi. Qo‘shiq aytib turganimda piyolasidagi ichimlikni yuzimga sepib yuborgan yoki atayin janjal chiqargan paytlari juda ko‘p bo‘lgan. Xalq tilida aytganda o‘sha paytlarda “ko‘cha odamlari” ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun san’atkorlar sahnaga chiqqanda gapini o‘ylab gapirardi. Gazeta va radiolarga intervyu berganda ham san’atkorlar vazminlik bilan o‘ylab javob berardi.

Bir kuni rahmatli Muhriddin Xoliqovga viloyatdan to‘y olganim haqida aytib qoldim. “Voy ahmoq, o‘sha yerga to‘yga borasanmi? Sen u yerdan tirik qaytmaysan”, dedi. Nega bunday deyotganiga qiziqdim. “Falonchiga to‘yda pistolet tirashgan, boshqa san’atkorni esa stolning tepasiga chiqib, qo‘shiq kuylashga majburlashgan”, deb bir nechta holatlarni sanab ketdi. Lafz qilganman, deb to‘yga bordim. Muhriddin rahmatli tasvirlaganidek ko‘chada to‘s-to‘polonli to‘y bo‘ldi. Baxtimga, to‘y egasining onaxoni ijodimni yoqtirib qoldi. Shuning uchun to‘y davomida men va jamoam bilan bog‘liq muammo bo‘lmadi.

Foto: “Daryo”

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay yana bir viloyatga to‘yga taklif qilishdi. U yer ham to‘ydagi to‘polonlari bilan mashhur edi. Avvaliga paysalga solib, to‘yni rad qilmoqchi bo‘ldim. Ammo to‘y egasi qattiq iltimos qilganidan keyin yo‘q deyolmadim.

To‘y egasi ham meni tushunib, to‘yni kunduz kuni o‘tkazishga rozi bo‘ldi. Viloyatga borganmiz, aksiga olib, sozandalarning musiqiy asboblari boshqa mashinada qolib ketibdi. To‘y egasi “Aka, uzr endi, to‘y kechga bo‘ladi”, dedi. Bu orada mahalliy sozandalar bilan bog‘lanib, musiqiy asboblarni topdik va kechki xizmatni boshladik.

Sozandalarim “Aka, kunduzi shuncha to‘polon bo‘ldi, kechga nima bo‘larkan-a?” dedi. Nima bo‘lsa peshanadan deb, xizmatni boshladik. Ammo odamning o‘ziga ham ko‘p narsa bog‘liq. Qo‘lni ko‘ksiga qo‘yib, xalqqa kibr qilmay xizmat qilsa, hech qanday muammo chiqmasligiga amin bo‘lganman. Hozirgi san’atkorlarga oson, sababi 90-yillardagi to‘ylar kechki 5 da boshlanib, tonggi 6 gacha davom etardi, — deydi Azim Mullaxonov.

Azim Mullaxonov suhbat davomida hayotni erta tark etgan hamkasblari Muhriddin Xoliqov va Oxunjon Madaliyev bilan bog‘liq xotiralarini esladi.

Foto: “Daryo”

— Muhriddin Xoliqov san’atdagi eng yaqin do‘stlarimdan biri edi. Oxunjon Madaliyev Toshkentga kelganida, albatta, Muhriddinning uyida qolardi. Nuriddin Haydarov bizdan yoshi kattaroq bo‘lsa-da, qadrdonimiz edi. Bir-birimiz bilan nihoyatda inoq edik. Sababi barchamiz san’atdagi qiyin vaziyatda ijod qilganimiz uchun ham bir-birimizni qo‘llab-quvvatlardik. Afsuski, umrlari qisqa ekan, hayotni juda erta tark etishdi.

Shuningdek, xonanda Muhriddin Xoliqov ijrosidagi “Ey go‘zal” qo‘shig‘ini Mirzabek Xolmedov unga taklif etgani haqida ham so‘zlab berdi.

— “Ey go‘zal” qo‘shig‘ini Mirzabek Xolmedov ijro etishimni so‘ragan. Ammo uni mashhur hind filmidan ilhomlanib yaratgandi. Filmni ko‘rganlar qo‘shiq “o‘g‘irlangani”ni darhol payqashadi. Shuning uchun uni ijro etishni xohlamaganman. Odamlar har xil gap-so‘z qilishadi, deb qo‘rqqanman, — deydi xonanda Azim Mullaxonov.

Mavzuga doir: