O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Azim Mullaxonov “Daryo” internet nashrining YouTube’dagi kanaliga intervyu berdi. Bir necha yildan buyon u “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi qoshida tashkil etilgan ijodkorlarga litsenziya berish badiiy kengashida faoliyat yuritayotgani va iqtidori u qadar yuqori bo‘lmagan xonandalar qanday qilib, “sinov”lardan o‘tishayotganiga izoh berdi.

— Hamma ijodkorlar birdan yaxshi ijrochi bo‘lib qolmaydi. Kaniza O‘zbekiston davlat konservotoriyasini tamomlagan. Uning ham o‘ziga yarasha yo‘nalishi bor. Uni ham qoralab bo‘lmaydi. Chunki uning ham qilayotgan ishlari bir izlanish.

“Qanday qilsam o‘z yo‘nalishimni topaman”, degan fikrlari bor. Uning to‘ylardagi videolari tarqab odamlarning u haqidagi fikri o‘zgargan. Ammo boshqa tomondan qaraganda, mening ham o‘zimga yarasha yomon tomonlarim bor.

Yodgor Sa’diyev bir uchrashuvda “San’atkorning o‘ziga yarasha sir-asrori qolishi kerak. Hamma narsani aytib yuborishi kerak emas”, degandi. Keyingi paytlarda ko‘p san’atkorlar hayotidagi ichki sirlarni ham xalqqa ko‘rsatishyapti. Shu sababdanmi xalqimizning ba’zi san’atkorlar haqidagi fikri o‘zgarib qolgan.

Kanizada o‘ziga yarasha iqtidor bor, agar yo‘q bo‘lganida u umuman qo‘shiq aytolmasdi. Besh barmoq barobar bo‘lmaganidek, ijrochilar ham turlicha bo‘ladi. Sal bundayroq qo‘shiq aytadiganlarni yoki xalqning qulog‘iga qo‘shig‘i g‘aliz eshitiladiganlarni chetga surib qo‘yolmaymiz. Bunday san’atkorlarning ham ijod qilishga haqqi bor, — deydi xonanda Azim Mullaxonov.

Foto: “Daryo”

Azim Mullaxonov bir necha yildan buyon respublika san’at ko‘rik tanlovlarida va davlat mukofotlarida hay’at a’zosi sifatida ishtirok etadi. “Mukofotlar o‘z egalariga topshirilayaptimi?” degan savolga quyidagicha javob berdi.

— Tanlovlarda har doim ham hay’at a’zolarining xohishi ro‘yobga chiqmaydi. Tanlov davomida g‘oliblarni oldindan taxmin qilamiz, ammo natijalar umuman boshqacha bo‘ladi. Bir necha marta davlat mukofotlari va ko‘rik tanlovlarida shunday hol takrorlandi. Hamma gaplarimni yig‘ib yuribman, albatta, ularni aytaman. Tanlovlar musaffo bo‘lishi kerak, yoshlar san’atga qiziqdimi haqqoniy yo‘l bilan g‘alaba qozonishi kerak. “Nihol” nomidagi davlat mukofotining saralash bosqichlarida bir necha bor ishtirok etdim. Guvoh bo‘lganim, unchalik yaxshi ijro qilmagan yigit-qizlar davlat mukofotini qo‘lga kiritgan vaziyatlar ham bo‘ldi. Hatto, o‘sha ijodkorlar ishtirok etadigan gala-konsertlarga meni taklif etishmadi. Ammo qo‘lim bilan ushlamagandan keyin bu haqida gapirish qiyin. Ammo bir narsani aniq aytolamanki, shu ishni qilayotgan insonlar haromdan pul topayapti, ertami-indin bu qing‘irliklar oshkor bo‘ladi. O‘zbek san’ati og‘ir ahvolda turgan paytda bunday qilib, uni yana da tanazzulga yuz tutishiga sababchi bo‘lish og‘ir gunoh, — deydi xonanda Azim Mullaxonov.

Mavzuga doir: “Shaytanat’ qo‘shig‘i uch kunda tayyor bo‘lgan”. Azim Mullaxonov mashhur qo‘shig‘ining yaratilish tarixi haqida (video)