Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi iqtisodiy forumda xorijlik jurnalistning O‘zbekiston nimasi bilan chet ellik investorlarni o‘ziga jalb qilishi mumkinligi haqidagi savoliga bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovning bergan noaniq javobi muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Tadbirkor Dilshod Odilov Facebook’dagi sahifasida Jamshid Qo‘chqorovning Bloomberg muxbiri Rayan Chilkot savoliga hazilomuz tarzda bergan javobiga fikr bildirdi.

Xalqaro forumda “nima uchun O‘zbekistonga investitsiya qilishim kerak?”, deb savol berilishi investorlarga davlatimizni reklama qilib olish uchun juda go‘zal imkoniyat. Aslida, bu savol berilmasa ham, gapni aylantirib kelib, investorlarning xayoliga kelishi mumkin bo‘lgan shu savolga javob berib olishga harakat qilish kerak edi.

Ammo butun boshli davlatning nomidan o‘tirgan vazirning bu savolni bergan moderatorga go‘yoki “uzkiy krug” choyxonada o‘tirgandek hiring-hiring qilib, “bunaqa qiyin savol bersang, seni boshqa chaqirmaymiz, undan ko‘ra yoshimni so‘ra...” kabi noo‘rin hazillar qilishini mutlaqo hazm qila olmadim.

Birorta investor “bularning vaziri hazilni yorib yuborar ekan, shu sababli 100 million dollar pul kiritib, shu davlatda biznes boshlayman”, dedimikan?

Qo‘chqorovning shunday mas’uliyatli vaziyatdan ustalik bilan foydalanish o‘rniga hiring-hiring qilib, vaziyatni rasvo qilganiga bir vatandosh sifatida juda achindim.

Vaziyatlarni isrof qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Oshnalar bilan choyxonada o‘tirish bilan xalqaro tadbirda davlat nomidan ishtirok etishning farqini tushunmaydigan odam bunday tadbirlarga bormasligi kerak.

Dilshod Odilov, tadbirkor.

Bloger Zafarbek Solijonov ham Telegram’dagi kanalida xorijlik jurnalist savoliga vazirdan chiroyliroq javob kutgani to‘g‘risida yozgan.

Yana bir forum o‘tdi. “Hali ham O‘zbekistonga sarmoya kiritishga ikkilanib turgan investorga mamlakat 5 yilda qanday o‘zgarishi haqida nima degan bo‘lardingiz?”, degan savolga bosh vazir o‘rinbosari Qo‘chqorovdan chiroyliroq javob kutgandim. Chunki aynan shu savol berilishi mumkin bo‘lgan savollar ro‘yxatida birinchi qatorda turadiganlaridan edi. Tayyorlanish kerak edi. Balki besh yildan keyin investor ortida shaxslar emas, qonunlar, mustaqil sud turadi, milliard sarflab qilayotgan bu kabi “palovforum”larimizga hojat qolmaydi. Avvalgi forumimizdan keyin bunday ijobiy natijalarga erishdik, kelgusi rejalarimiz esa shunday, kabi javob kutgan mendadir ayb.

Lekin bir narsani tushunish kerak. Biz kabi rivojlanishga harakat qilayotgan uchinchi dunyo davlatlari talaygina. Tender ketyapti, o‘rtoq Qo‘chqorov va boshqa kattakonlar. Qoidani bilasiz. Unda eng yaxshi taklif bergan yutadi. O‘zingizni unutib, jozibadorlik haqida ko‘proq o‘ylang, iltimos.

Zafarbek Solijonov, bloger.

Shuningdek, iqtisodchi Otabek Bakirov ham Twitter’dagi sahifasida bu shunchaki so‘z o‘yini ekani haqida yozdi.

O‘zaro yaqin tanish va bir-biriga haddi sig‘adiganlar o‘rtasida so‘z o‘yinlari normal holat. Kimdir tushunadi, kimgadir erish tuyuladi. Forum yakunida Rayan Chilkot va Jamshid Qo‘chqorov muloqotidagi hazil aralash savol va javobdagi luqmalar shu jumladan, — deya qayd etgan u.

Avvalroq Jamshid Qo‘chqorov va Bloomberg TV muxbiri Rayan Chilkot o‘rtasidagi savol-javob matni va videosi e’lon qilingandi.