6-noyabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Iroq qo‘shinlarining Kuvaytdagi neft quduqlarini yoqib ketishi, mashinistlardan birining uxlab qolishi oqibatida yuz bergan ikki poyezd to‘qnashuvi hamda Tojikiston prezidentiga aylangan Emomali Rahmonga oid faktlar o‘rin olgan.

Kuvaytdagi neft quduqlarining yoqib ketilishi

Bundan 31 yil oldin Kuvaytda iroqlik bosqinchilar tomonidan yoqib yuborilgan neft quduqlarining oxirgisi o‘chirilgan edi. Bu kuni mamlakatda milliy bayramga aylangan.

Foto: Sm.News

1990-yilning iyulida Iroq Kuvaytni o‘ziga qarshi iqtisodiy urush boshlashda va chegara oldida noqonuniy neft qazishda ayblagan edi. Kuvayt rahbariyati muzokaralarni boshlab yuborgan, biroq Saddam Husayn juda katta miqdorda kompensatsiya talab qilgan va uzoq kutishni istamagan.

O‘sha yilning 2-avgust kuni Iroq armiyasi Kuvaytga bostirib kirib, uni egallashga kirishadi. Arab mamlakatiga qarshi bosqin jahon hamjamiyati tomonidan qoralanadi. Iroqqa BMT mandati bo‘yicha sanksiyalar qo‘llaniladi, AQSH va NATO davlatlari ishtirokida xalqaro koalitsiya tuziladi. 17-yanvardan 28-fevralga qadar o‘tkazilgan “Sahrodagi bo‘ron” operatsiyasi davomida Iroq qo‘shinlari tor-mor keltirilib, Kuvayt ozod etilgan.

Foto: Sm.News

1991-yilda Kuvaytdan chekinayotgan Iroq qo‘shinlari Saddam Husaynning buyrug‘iga ko‘ra 700 dan ortiq neft qudug‘iga o‘t qo‘ygan. Bundan tashqari Iroq qo‘shinlari “Si-Aylent” terminali va yettita yirik neft tankeridagi xomashyoni — jami 816 ming tonna neftni dengizga oqizadi. Yong‘inni o‘chirishga ketgan xarajatlar 2 milliard dollardan oshgan, olov bilan 16 ta davlat, jumladan, SSSR mutaxassislari ham kurashgan. Bu XX asrning eng yirik ekologik halokatlaridan biri edi.

“Grinpis” ekspeditsiyasi tarkibida o‘sha vaqtda Kuvaytda bo‘lgan nemis biologi Tomas Xenningsen hodisani quyidagicha eslaydi: “Birinchi bo‘lib ko‘rganimiz — bu osmon edi. Dahshatli manzara. Kuvayt uzra uchib o‘tayotganimizda hamma joy qora halqalarga to‘lgandi. Kuppa-kunduz kuni qora osmon. Urush yarim yil oldin tugagan, neft quduqlari esa hamon yonishni davom etardi. Bu mazkur hududga kelganimizdagi birinchi taassurotimiz edi”.

Havodagi qurum miqdori ruxsat etilgan normadan 30 barobarga oshib ketgan. Yong‘in oqibatida har kuni uch million barrelga yaqin neft yongan — ya’ni butun dunyodagi kunlik iste’molning 5 foizi. Qora tutunlar 3 kilometrgacha balandlikka ko‘tarilgan va Kuvaytdan uzoqlarga ham tarqalgan. Tarkibida azot oksidi, azot kislotasida va uglevodorodlar bo‘lgan zaharli yomg‘ir butun yil davomida nafaqat Kuvayt va Iroqqa, balki Saudiya Arabistoni hamda Eronga ham yoqqan. Hatto Kuvaytdan 2 ming kilometr uzoqlikdagi Kashmirda ham qora qor yog‘gani kuzatilgan.

Foto: Sm.News

“Grinpis” tashkilotining boshqa bir xodimi Andreas Bernstorffga ko‘ra, birinchi haftani o‘zida havoga chiqarilgan karbonat angidrid miqdori Britaniya orollardan bir yil davomida chiqadigan gazlar miqdoriga teng bo‘lgan.

“Neftning bir qismi yongan, bir qismi esa yo‘q. Millionlab tonna neft o‘shanda dengiz va sahroga oqqan. Sahroda neft ko‘li paydo bo‘lgan, plyajlar va dengiz ifloslangan. Yuqori harorat sabab aksariyat joylarda asfaltga o‘xshash qattiq qatlam yuzaga kelgan. Bu esa sahroda yashovchi jonzotlar va o‘simliklarga zarar keltirgan. Dengizdagi millionlab tonna neft ostida baliqlar, qisqichbaqalar va mollyuskalar halok bo‘lgan”, — degandi u.

Foto: Sm.News

AQSH Harbiy-dengiz kuchlari vakili Josh Freyga ko‘ra, Fors ko‘rfazi qirg‘oqlarida bu kabi ekologik halokat qayta sodir etilmasligi uchun hududlarga maxsus qo‘shinlar yuborilgan, ularning vazifasi neft quduqlari va neftni qayta ishlovchi zavodlarni “iroqlik tabiat terrorchilaridan” himoyalash bo‘lgan. AQSH va Britaniyaning 90 ta kemasi neft tankerlarini qo‘riqlashga jalb etilgan. AQSHning o‘sha vaqtda mudofaa vaziri Donald Ramsfeld neft quduqlarining yoqib yuborilishi harbiy jinoyatga tenglashtirilishini aytgan.

Mashinist aybi bilan sodir bo‘lgan yirik temiryo‘l halokati

1986-yil 6-noyabr kuni Odessa temiryo‘lining Koristovka stansiyasida ikkita yo‘lovchi poyezdining o‘zaro to‘qnashuvi oqibatida 40 dan ortiq odam halok bo‘lgandi.

Foto: Pinterest

O‘sha kun Buyuk Oktabr Sotsialistik inqilobining 69 yillik bayrami arafasi bo‘lgani bois Krivoy Rog—Kiyev hamda Kiyev—Donetsk poyezdlari yo‘lovchilarga to‘la edi. Ko‘pchilik chiptalardan qo‘ldan ancha qimmat narxda xarid qilishga majbur bo‘lgan. Krivoy Rog—Kiyev yo‘nalishidagi 635-sonli yo‘lovchi poyezdi 45 yoshli mashinist Aleksandr Galushenko va uning 26 yoshli yordamchisi Anatoliy Shishka boshqaruvida harakatlangan.

Depoda lokomotiv brigadalari yetishmagani bois Shishka navbatdagi reysga uyquga to‘ymagan holda otlangan.

To‘liq hordiq chiqarish imkoniyatim yo‘q edi. Ikki nafar bolam bilan bir xonali kvartirada ijarada yashardim. Jadval bo‘yicha dam olganimiz sabab oddiy dam olish kunlarim yo‘q edi. Ortiqcha ish ko‘p edi, chunki Chernobil halokati sodir bo‘lgan yili va odamlarni evakuatsiya qilish bilan shug‘ullanardik. 635-poyezdda yo‘lga chiqishdan oldin ketma-ket ikki kundan beri ishda edim”, — deya eslaydi Anatoliy Shishka.

Poyezdni avvalida mashinist Galushenko boshqargan, keyin u boshqaruvni Shishka ishonib topshirgan. Shishka oxirgi bir nechta safarlarda yordamchi sifatida harakatlangan. Keyinchalik u mashinist sifatida o‘zi mustaqil ish boshlashi kerak edi. Vibratsiya va bir xil shovqin tovushini Galushenkoning ko‘zi ilinishiga olib kelgan. Uning ortidan yordamchisi Shishka ham esnay boshlaydi…

Kirovograd viloyatidagi Koristovka stansiyasidagi temir yo‘l kesishmalari chigal. Qaysidir vaqtda poyezdlar bir-birining qarama-qarshi yurib, keyin o‘z yo‘nalishiga buriladi. Tungi soat 03:00 da boshqarilmayotgan poyezd svetoforning taqiqlovchi signaliga ham to‘xtamasdan, ikkinchi yo‘nalishga — Kiyev—Donetsk (“Ugolok”) bo‘yicha harakatlanayotgan 38-sonli poyezd qarshisiga chiqib ketadi.

Foto: Pinterest

Dispetcher birinchi poyezdga Donetskdan kelayotgan transportni o‘tkazib yuborish buyrug‘ini beradi. “Men mashinistni ikki marta chaqirdim. U bo‘lsa javob qaytarmadi. Uchinchi marotaba chaqirganimda, to‘satdan dispetcher pultidagi barcha chiroqlar yonib, ratsiyadan baqirgan ovoz eshitildi”, — deydi stansiya navbatchisi.

Kiyev—Donestk poyezdi mashinistiga ko‘ra, u svetoforda sariq chiroq yonganini ko‘rgach, bu haqda boshlig‘iga bildirgi bergan. U esa tezlikni soatiga 50 kilometrga tushirgan, marshrut svetoforini soatiga 40 kilometr tezlikda bosib o‘tishgan. Shu vaqtda ular stansiyaga uchinchi yo‘ldan poyezd kelayotganini ko‘rgan va to‘qnashmaslik uchun projektor yoqilgan. Koristovka stansiyasida agarda qarama-qarshi yo‘nalishdagi poyezd uchinchi yo‘ldan kelsa, projektor biroz og‘ishi kerak edi. Ammo yorug‘lik o‘zgarmagan. Bu esa faqat bir narsani anglatgan: ikkinchi poyezd bilan to‘qnashuv tayin.

“Ugolok” poyezdi mashinisti favqulodda tormozlanishni bosgan, biroq kech edi… Stansiyaga yetib kelgan qutqaruvchilar va tez yordam xodimlari dahshatli voqeaga guvoh bo‘lgan. Lokomotivlardan biri ikkinchisining tom qismiga chiqib ketgan. Pachoqlangan vagonlar ichidan chinqiriq va yig‘ilar tinmagan.

Men voqea joyiga birinchilardan bo‘lib yetib kelganlar qatorida edim. Asabdan qaltirayotgan Kiyev—Donetsk mashinistini ko‘rdim. Uning poyezdidagi yo‘lovchilarga deyarli shikast yetmagandi. Butun zarba ikkinchi poyezdning dastlabki vagonlariga to‘g‘ri kelgan. Ayniqsa, birinchida bo‘lgan 138 kishilik umumiy vagonga. Lokomotiv va umumiy vagon o‘rtasidagi pochta vagoni Ichida bo‘lgan ikki qo‘riqchi baxtli tasodif bilan omon qolgandi”, — deydi Vladimir Jelib.

Foto: Pinterest

Poyezdda Chernobil AESdagi halokat oqibatlarini bartaraf etishga yo‘l olgan yoshlar otryadi bo‘lgan. Zudlik bilan yetib kelgan stansiya xodimlari va yigitlar vagonlarning oynalarini sindirib, jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishga kirishgan. Ular pachoqlangan vagon ichidan “Meni o‘ldiringlar”, deya baqirayotgan yo‘lovchiga yetib bora olmasdi. Ammo oxir-oqibat shu erkak omon qolgan.

Odamlar oilalari bilan halok bo‘lgan. Jabrlanganlardan biri rafiqasi, 17 yoshli o‘g‘li hamda 11 yoshli qizidan ayrilgan. Vagonlardan jasadlar o‘ntalab olib chiqilgan. Fojia oqibatida jami 44 kishi halok bo‘lgan, 100 kishi jarohat olgan.

Tojikiston prezidentiga aylangan Emomali Rahmon

1994-yil 6-noyabr kuni Emomali Rahmon Tojikiston prezidenti lavozimiga saylangan. Shundan buyon u yana bir nechta saylovlarda g‘alaba qozonib, mamlakatni boshqarib kelmoqda. 2007-yilning bahorida Tojikiston yetakchisi o‘zining Rahmonov familiyasini Rahmonga o‘zgartirgan.

Bolalar Tojikiston prezidenti lavozimiga nomzod Emomali Rahmonga gul bermoqda, 1994-yil

Foto: Sputnik

Emomali Rahmon 1952-yil 5-oktabrda Kulob viloyatidagi “Dang‘ara” qishlog‘ida dunyoga kelgan. O‘rta maktabni tamomlagach, Qo‘rg‘ontepa shahridagi moy zavodida elektrik bo‘lib ishga kirgan. 1971-yildan 1974-yilga qadar Tinch okeani flotida xizmat qilgan, keyin esa yana zavodda ishlashga qaytgan. 1976-yildan 1988-yilga qadar Rahmon Dang‘ara viloyati kolxoz kasaba uyushmalari raisi va boshqaruv kotibi lavozimlarida ishlagan, 1977-yildan 1982-yilgacha Tojik davlat universitetining iqtisodiyot fakultetida ta’lim olgan. 1988—1992-yillarda Ramon Lenin nomidagi “sovxoz” direktori bo‘lgan. 1990-yilda esa Tojik SSR Oliy kengashi xalq deputatligiga saylangan.

1992-yilning noyabrida Rahmon mustaqil Tojikiston Oliy kengashi raisligiga saylangan. 1994-yil noyabrida esa Tojikiston prezidentiga aylangan. Emomali Rahmonning hokimiyatga kelishi fuqarolik urushi davriga to‘g‘ri kelgan: 1997-yilning iyunida Moskvada rasmiy Dushanbe va tojik muxolifati o‘rtasida tinchlik bitimi imzolangan. 1998-yilda Rahmon Tojikiston Xalq-demokratlar partiyasi rahbari etib saylangan.

Rahmon og‘ir iqtisodiy vaziyatda asosiy e’tiborni Tojikistonning gidroenergetika resurslariga qaratib, Markaziy Osiyodagi eng yirik “Rog‘un” GESini qurgan. Rahmon uylangan, uning yetti nafar qizi va ikki o‘g‘li bor.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon inauguratsiya marosimida qasamyod qabul qilmoqda

Foto: Sputnik

Rossiya bosh vaziri Vladimir Putin va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Rossiya Hukumat uyidagi uchrashuvda

Foto: Sputnik

Emomali Rahmon “Rog‘un” GESini qurish maydonida

Foto: Sputnik

Makkada borgan Rahmon

Foto: Sputnik

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.