O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Azim Mullaxonov “Daryo” internet nashrining YouTube kanaliga bergan intervyusida mashhur “Shaytanat” qo‘shig‘ining yaratilish jarayoni qanday kechgani va qo‘shiqni ijro etishga talabgor bo‘lgan hamkasblari haqida so‘zlab berdi.

— Yodgor Sa’diyev “Shaytanat” qo‘shig‘ining she’rini berib, “Beshta xonandaga berdim, agar kimning ijrosi yaxshi chiqsa, sauntrek qilib o‘shani olaman”, degan. Bu gapdan keyin umidimni ham uzgandim. Beshta xonandaning ichida aniq kimdir zo‘r aytadi, deb bee’tibor bo‘lganman. Ammo Yodgor aka qo‘ng‘iroq qilib, qo‘shiqni so‘ragan. “Beshta xonandaga bergan bo‘lsangiz, men nima qildim aytib”, desam “Ularni qo‘yaver, meni sening ijroying qiziqtiryapti”, degandi. Uning qistovi bilan o‘sha kuniyoq qo‘shiq ustida ishlashni boshlaganman. Bu qo‘shiq ijodimdagi eng qisqa vaqt ichida yaratilgan qo‘shiq bo‘lgan. “Shaytanat” qo‘shig‘i uch kunda tayyor bo‘lgan, — deydi xonanda Azim Mullaxonov.

Tabiatan injiq va o‘ta talabchan bo‘lgan ijodkor Yodgor Sa’diyev “Shaytanat” serialining sauntrekini nega aynan Azim Mullaxonov ijro etishini istagan? Xonanda bu savolga o‘z munosabatini bildirdi.

Foto: “Daryo”

— Yodgor aka haqiqatan ham talabchan ijodkor. Bu inson meni yoshligimdan taniydi. Chunki rahmatli akam va O‘zbekistonga xizmat ko‘rsatgan artist Shuhrat Rasulov bilan yaqin do‘st bo‘lishgan. Ulg‘ayib, katta sahnaga chiqqanimdan keyin bir nechta ijodiy safarlarga birga boradigan bo‘lib qoldik. Sahnada qo‘shiq atayotganimda meni kuzatib o‘tirgan ekan. Yodgor aka “Yaqinda ‘Shaytanat’ nomli serial olyapman, kitobini o‘qiganmisan?” deb so‘rab qoldi. O‘sha paytda bu kitob haqida eshitmagan edim. “Albatta kitobini o‘qigin, qo‘shiqlarini sen aytasan. Bitta rol ham bor”, dedi. Menimcha, o‘shanda Elchin rolini nazarda tutganmi, deb o‘ylab qolaman. Ish ko‘payib, ancha vaqt ko‘rishmadik. Oradan ikki yil o‘tganidan keyin ko‘rishib qolganimizda “Senga qo‘shiq haqida aytgandim, u ijro etiladigan sahnalar yaqinlashib qoldi”, deganidan keyin harakatni boshlaganman. Bilishimcha, Yodgor aka qo‘shiqni Ravshan Komilov va Ahror Usmonovga ham bergan ekan. Ammo omad kulib, uni ijro etish menga nasib etdi, — deydi xonanda Azim Mullaxonov.

Mavzuga doir: