O‘zbek xonandalarining plagiat qo‘shiqlari haqida ko‘p eshitganmiz. Ammo ijod o‘g‘rilari faqat o‘zbek xonandalari orasida emas, balki xorij davlatlarida ham yetarlicha topiladi. Eng quvonarlisi, xorijlik san’atkorlar orasida o‘zbek qo‘shiqlarini shartnoma asosida yoki o‘g‘rincha yo‘llar bilan ijro etganlar ham ko‘plab topiladi. Ayniqsa rus, qozoq, turk va dog‘istonlik qo‘shiqchilar orasida o‘zbek qo‘shiqlarining shaydo ijrochilari juda ko‘p.

Yulduz Usmonova “Mama” 

Foto: “Yandeks.ru”

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning ko‘plab qo‘shiqlari o‘zbek va xorij san’atkorlari tomonidan qayta ijro etilgan. Xususan, uning rusiyzabon muxlislari uchun ijro etgan “Mama” qo‘shig‘ini dog‘istonlik Zarina Tilidze ijro etib, kutilmagan mashhurlikka erishgan. Yulduz Usmonova mazkur qo‘shiqni 2003-yili ijro etgan, ammo klip suratga olmagan.

— “Mama” qo‘shig‘ini bizdan dog‘istonlik Zarina Tilidze 1000 dollarga sotib olgan. O‘tgan yili “Muhabbat” qo‘shig‘ini ozarbayjonlik qiz aytmoqchi bo‘ldi. Tanishlar kamida 3 ming dollar so‘rashimni aytishgandi. Ammo u qiz puli kamligini aytib, 100 dollar bera olishini aytdi. “Menga o‘sha pulni bermay, bolalaringga yedir”, dedim. Ammo qo‘shiqni aytishiga ruxsat berdik, — deydi Yulduz Usmonovaning prodyusseri Mansur Agaliyev.

Ulug‘bek Rahmatullayev “Qirmizi olma” 

Foto: Instagram / @ulugbekrahmatullaev

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ulug‘bek Rahmatullayevning “Qirmizi olma” qo‘shig‘i rus va dog‘istonlik tinglovchilar orasida ham mashhurlikka erishgan. Bu qo‘shiqni “Yabloko lyubvi” qo‘shig‘ini nafaqat yoshi katta ijrochilar, bolalar ham ijro etishgan.

— Bu qo‘shiq haqida “Qaysi davlatdan o‘g‘irlagansiz?” degan savolni ko‘p berishadi. Aslida bu qo‘shiqni 2017-yili YouTube tarmog‘iga joylaganmiz. Uning ilk ijrochisi o‘zimman. Mendan keyin bu qo‘shiqni 15-16 ta ijrochilar aytishdi. Ularning orasida professional ijodkorlar ham bor. Ular qo‘shig‘imni ijro etganligi uchun haq olmaganman, bir og‘iz iltimos qilishsa bo‘ldi. Hech qachon “Mening qo‘shig‘imni aytma”, deb qarshilik bildirmayman. Aksincha xursand bo‘laman, — deydi xonanda Ulug‘bek Rahmatullayev.

Hosila Rahimova “Roksana”

Foto: Instagram / @hosila_singer

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Hosila Rahimova 2013-yildagi konsert dasturida “Roksana” nomli qo‘shiqni ijro etgan. 2017-yili qozog‘istonlik ijodkor uni qayta kuylab, YouTube tarmog‘iga joylagan. Faqat bu “o‘g‘irlik” Hosila Rahimovaga umuman yoqmagan va undan ranjigan.

— “Roksana” mualliflik qo‘shig‘im hisoblanadi, Ayshat Aysayevaning uni ruxsatimsiz ijro etganidan jahlim chiqqan. Ijrosi ham umuman yoqmagan. Ming yaxshi ijro qilgan taqdirda ham beruxsat aytsa, odamga yoqmaydi. Undan keyin “Opa” qo‘shig‘ini tojikistonlik xonandalar ijro etishgan. Ulardan ham  rozilik ham haq ham olmaganman, — deydi xonanda Hosila Rahimova.

Adham Soliyev “Laylo”

Foto: Instagram / @adhamsoliev_official

Adham Soliyevning “Laylo” qo‘shig‘ini eslasangiz kerak. Bu qo‘shiq qiziqchilarning ham e’tiboriga tushib, qo‘shiqqa porodiyalar ijro etishgandi. Qozog‘istonlik “Dieta KZ” jamoasi “Laylo” qo‘shig‘iga xaridor bo‘lib, uni qozoq tilida ijro etishgan.

— Uch yil avval guruh vakillari tinmay ijtimoiy tarmoqlar orqali aloqaga chiqishdi. “Qardoshim, qo‘shiqni aytishimizga ruxsat bering”, deb tinmay so‘rayverishdi. Avvaliga rozi bo‘lmadim, keyin yaqinlarim gonorar so‘rashim kerakligini aytishdi. “Biz gonorar berolmaymiz. Sharoitimiz yo‘q”, degandan keyin ularni hali tanilmagan oddiy guruh bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim. Rozi bo‘ldim va qo‘shiqni qaytadan ijro etishdi. Lavz qilganim uchun qo‘shiq katta mashhurlikka erishganidan keyin ham ular bilan aloqaga chiqmadim. Ular ham jim-jit. Faqat ular sharoitimiz yo‘q, deb yolg‘on gapirganidan ham qo‘shiq muallifiga haq to‘lashni istamagani biroz g‘alati. Chunki qo‘shiqni ijro etib, YouTube’ga joylashgandan keyin ularning mashhur jamoa ekanligini bildim, — deydi Adham Soliyev.

Dilnoza Akbarova va Jasurbek Jabborova “Azizim”

Foto: Kollaj

“Masxaraboz” filmi uchun yaratilgan “Azizim” saundtreki yosh ijrochilar Dilnoza Akbarova va Jasurbek Jabborova ijrosida qaytadan dunyoga keldi. Ularning ijrosi YouTube tarmog‘ida muvaffaqiyatga erishgach, uni 9 ta davlat xonandalari qaytadan kuylashdi.

— Qo‘shiqni ijro etishdan avval Sharof Boshbekov va Kozim Qayumovning ruxsatini olganmiz. Musiqasini qaytadan sayqallab, klip olganimizdan keyin qo‘shiq nafaqat yurtimizda, balki qardosh respublikalardan ham ommalashib ketdi. Uni qozoq, qirg‘iz, uyg‘ur, hind va dog‘istonlik ko‘plab xonandalar ijro etishdi. Ijrochilarning hech biri bizdan ruxsat so‘ramagan va gonorar to‘lamagan. Ammo bunga ustozimiz Kozim Qayumov ham, biz ham qarshi bo‘lmaganmiz. Chunki “Azizim”  qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stona qo‘shiqqa aylandi, — deydi Dilnoza Akbarovaning turmush o‘rtog‘i va prodyusseri Nurbek Majidov .

Feruza Jumaniyozova “Yalla habibi”

Foto: Instagram / @feruza_jumaniyazova

Xonanda Feruza Jumaniyozovaning tanilishida “Yalla habibi” qo‘shig‘ining o‘rni bo‘lakcha. U qo‘shiqni 2003-yili Tolib Kuliyev va Bobur Umarovlar bilan hamkorlikda yaratgan. Shu kungacha bu qo‘shiqni hind, turk, dog‘iston va serbiyalik xonandalar ijro etgan.

— “Qo‘shiqni soting”, degan taklif bilan ko‘plab xorijlik ijodkorlar murojaat qilishgan. Ammo barini rad etganman. “E’tirozim yo‘q qo‘shiqni ijro etavering, faqat mualliflik o‘zimda qoladi”, deganman. Oxirgi marta serbiyalik mashhur xonanda Tea Tairovich qo‘shiqni kuylashga ruxsat so‘radi. Qarshiligim yo‘qligini aytdim, — deydi xonanda Feruza Jumaniyozova.

Boburbek Arapbayev “Tamara” 

Foto: Instagram / @boburbekarapbaev

YouTube tarmog‘ida “Tamara” qo‘shig‘i bilan mashhurlikka erishgan xonanda Boburbek Arapbayev ham ruxsatsiz qo‘shig‘ini kuylayotgan xorijlik xonandalardan norozi. Uning qo‘shig‘ini shu kungacha qozoq, ozarbayjon va rus ijodkorlari ijro etgan.

— “Tamara” qo‘shig‘ini shu yilning fevral oyida ijro etganman. Qo‘shiqning so‘zlari qoraqalpog‘istonlik ijodkorlar Noker Meretovga, musiqasi esa Jamshid Aimbetovga tegishli. Qo‘shiqqa klipmeyker Abbos Abdullayev bilan hamkorlikda klip ham suratga olganmiz. Klip shu yilning 10 mart sanasida YouTube tarmog‘iga joylangan. Yetti oy mobaynida u 28 mln marta ko‘rildi. Ammo keyingi paytlarda qo‘shiqqa “egalik qiladigan” ijodkorlar ko‘payib ketdi. Masalan, ozarbayjonlik Aygun Agayeva qo‘shiqni ozor tilida ijro etib, klip bilan birga tarmoqqa joylagan. Uning ham ijrosi salkam 1 mln marta tomosha qilingan. Ammo ruxsat so‘ramay uni ijro etganidan ranjidim. “Men musiqani qaytadan sayqallaganman”, degan bahona bilan uni tarmoqda olib tashlashni istamayapti. Undan keyin Rustam Aliyev ismli ijrochi “Devushka doza” nomi bilan o‘z ijrosini YouTube tarmog‘iga joyladi. Ammo u ham buning uchun ruxsat so‘ragani yo‘q. Qozog‘istonda Yeldos Januzak va Beybaris Sadiq ismli mashhur xonandalar bor ekan. Ular qo‘shiqni ijro etish uchun ruxsat so‘rab, 1 500 AQSH dollariga qo‘shiqni sotib olishdi. Ularning ijrosiga hech qanday e’tirozim yo‘q, — deydi qoraqalpog‘istonlik ijodkor Boburbek Arapbayev.

Hulkar Abdullayeva “Lazgi”

Foto: Instagram / @hulkarsinger

Xonanda Hulkar Abdullayevaning qo‘shig‘i ham xorijlik ijodkor tomonidan ijro etilgan. Isroillik Shani Avraham Hulkar Abdullayevaning “Lazgi” qo‘shig‘ini ijro etib, uning klipidagidek xatti-harakatlarni bajargan.

— Isroillik qiz 2016-yili mening “Lazgi” qo‘shig‘imni ijro etgan. Hatto, klipimdagi raqsimga o‘xshab xatti-harakatlarni ham bajargan. Lazgilar ko‘p, har bir san’atkor o‘zi lazgi musiqasiga so‘z yozdirib, o‘ziniki qilib aytadi. Bu qiz esa aynan mening lazgimni aytibdi”,— deb Instagram sahifasi orqali ma’lum qilgandi Hulkar Abdullaeva.

Mavzuga doir: