“Daryo”ning YouTube’dagi kanalida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ravshan Namozovning turmush o‘rtog‘i bilan suhbat tashkil etildi. U turmush o‘rtog‘iga Filipp Kirkorovning aytgan quvonchli xabari va o‘limidan bir kun avvalgi voqealar haqida so‘zlab berdi.

— Ravshan Namozovning xalqaro tanlovlardagi ishtiroki harbiy xizmatni o‘tgan vaqtlari bilan bog‘liq. U Rossiyaning Saratov viloyatiga xizmatga yuborilganida musiqaga qiziqadigan uchta xizmatdoshi bilan tanishib qolgan. Ular faollar zalini tozalayotganda strunalari uzilgan eski gitara topib olishadi. Turmush o‘rtog‘im bu voqealarni o‘zgacha hayajon bilan eslardi. U “Gitaraga leska simlarini bog‘lab, qo‘shiq aytayotganimni komandir ko‘rib qolgandi. Musiqaga qiziqishimizni bilib zalda mashg‘ulot o‘tishimizga ruxsat bergandi”, deb so‘zlab bergandi. Ular harbiy qismda mashhurlikka erishganidan keyin. Ularning SOYuZ bo‘yicha gastrol konsertlarida ishtirok etishiga ruxsat berishgan. Harbiy xizmatni yakunlagach, ular Termizga qaytib “Behruz” nomli ansamblni tashkil etishgan.

O‘sha vaqtlarda bu ansambl Termizda katta mashhurlikka erishgan. 1985-yili Moskvada o‘tkazilgan yoshlar festivalida sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritgan, undan keyin Germaniya va Toshkentda o‘tkazilgan festivallarda ishtirok etishgan. Toshkentdagi festivalda “Qars” guruhidagi yigitlar Ravshan akaga birga ijod qilishni taklif etishgan. Ular 1989-yili  “Osiyo ovozi” ko‘rik tanlovida qatnashganida, hakamlar hay’ati uch kun g‘olibni aniqlash bo‘yicha bosh qotirishgan ekan. Hatto, yevropalik ular tadbir tashkilotchilariga “Agar shu yigitlar g‘oliblikni qo‘lga kiritishmasa, tanlovda hakam sifatida ishtirok etmaymiz”, deb shart qo‘yishgan ekan. Ravshan aka yo‘lakda ketayotsa, rossiyalik mashhur xonanda Filipp Kirkorovni uchratib qolib, u g‘alaba bilan tabriklagan ekan, — deydi Ravshan Namozovning turmush o‘rtog‘i.

Muhabbat Namozova turmush o‘rtog‘ining kamtarona hayot kechirgani va mol-dunyoga qiziqmagani haqida aytib o‘tdi.

— Odamlar pul yig‘ib, qimmatbaho narsa olsam yoki sayohat qilsam deydi. Ravshan aka hech qachon bunday narsalarga intilmasdi. U ro‘zg‘ordan ortgan pullarini yig‘ib, musiqiy asboblar sotib olardi. Uning yoniga bir bonka suv va to‘rttagina qotirilgan non qo‘ysa bo‘ldi edi. U gitarasini olib, juda chiroyli musiqalarni chalardi. Eski mashina haydab, oddiy kiyinib yursa ham qimmat musiqiy asboblar sotib olganidan jahlim chiqardi. “Shuni o‘rniga yaxshiroq kiyim olsangiz bo‘lmaydimi?” deb koyib berardim. O‘limidan avval ikki yarim oy kasalxonada davolandi. “Gitaramni sog‘indim”, deb xuddi uni quchoqlagandek yotardi. Ammo ko‘z tegadi, deb ularni kasalxonaga olib kelishlarini istamasdi, — deydi Muhabbat Namozova.

U suhbat davomining turmush o‘rtog‘i ikki yarim oylik davolanishdan so‘ng, o‘limidan bir kun avval uyiga qaytgani haqida gapirdi.

— Turmush o‘rtog‘im umumiy hisobda ikki yarim oy kasalxonada davolandi. Jonlantirish bo‘limidan chiqqanidan keyin shifokorlar uning yonida bo‘lishimni so‘rashdi. Uzoq vaqt davolanganidan keyin 22-sentabr kuni kechasi soat ikkida: “Uyga ketaylik”, deb qoldi. Uning xohishiga qarshi bormay, yuzimni yuvgani borib keldim. Qaytsam “Onasi, ertalab ketaqolamiz. Shifokorlarga rahmatimizni aytib ketamiz”, dedi. Ertalab shifokorlar kelgach, uyga ketishga ruxsat oldik. Shunda ham muhim qarorni yolg‘iz o‘zim chiqarishga qo‘rqib, qaynsingillarimni chaqirdim. Balki yaqinlarining oldida bo‘lsa, ko‘ngli ko‘tarilar deb umid qilgandik. Ikki yarim oy kasalxonada davolangan bo‘lsa biror marta uyga ketishni so‘ramagandi. Endi nega uyga kelishni so‘raganini tushunyapman. U uyini, oilasini va gitaralarining bag‘rida joni uzilishini istagan ekan. 23-sentabr kuni tungi soat 1:30 da joni uzildi, — deydi Muhabbat Namozova.

Mavzuga doir: