23-sentabr kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ravshan Namozov uzoq davom etgan oqqon xastaligi sabab vafot etdi. “Daryo”ning YouTube’dagi kanalida marhum ijodkorning oila a’zolari bilan suhbat tashkil etildi. Yaqinlari Ravshan Namozovning ko‘pchilikka oshkor etilmagan sirlari, umrining so‘nggi kunlari va armonlari haqida so‘zlab berishdi.

“Ravshan Namozov teatr sahnasida tug‘ilgan”

— Namozovlar oilasiga san’at begona emas. Iste’dod qondan qonga o‘tib, shakllanib boraveradi. Qaynotam Abdurahmon Namozov ham O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, mashhur teatr aktyori bo‘lgan. Turmush o‘rtog‘im tug‘ilmasidan avval qaynotam qaynonam bilan teatrda tanishib qolishgan. Ularning ikkisi ham Termizdagi Mannor Uyg‘ur nomidagi musiqali teatrda ishlashardi. Qaynonam turmush o‘rtog‘imga homilador chog‘ida ham spektakllarda ishtirok etarkan. 1961-yilning 10-iyun kuni “Ravshan va Zulhumor” spektakli namoyish etilayotganda, qaynonamni to‘lg‘oq tutib qolgan. O‘shanda qaynonam Zulhumor rolini ijro etayotgan bo‘lgan. Xullas, turmush o‘rtog‘im tug‘uruqxonada emas, teatrda dunyoga kelgan. “Ravshan va Zulhumor” spektakliga sabab unga Ravshan deb ism qo‘yishgan.

Ammo taqdir sabab qaynotam turmush o‘rtog‘imning onasi bilan ajrashib ketgan. Saida qaynonam ikki qizlari bilan ketgan, turmush o‘rtog‘im esa otasining qo‘lida qolgan. Bir necha yildan keyin qaynotam uylangan va uka-singillari dunyoga kelgan, — deydi marhum ijodkorning turmush o‘rtog‘i Muhabbat Namozova.

“Akamning mashhur inson ekanligini bilmasdik”

Foto: “Daryo”

— Akam bilan yoshimiz o‘rtasida katta farq bor. Ijodni boshlagan vaqtida men ancha yosh edim. Shuning uchun san’atga kirib kelgan yillarini aniq eslolmayman. Yodimda qolgani, akam va opamning xonasi alohida bo‘lardi. Men kichik bo‘lsam ham ularning xonasida qolaman, deb xarxasha qilardim. Chunki akam bilan vaqt juda qiziq o‘tardi. Akam bilan vaqt qanday o‘tganini bilmay qolardik. O‘sha vaqtda ham akamning xonasida musiqiy asboblar ko‘p bo‘lardi. Yosh bo‘lsak ham ularga tegmasdik. Ular akam uchun qadrli ekanligini yaxshi bilardik. 1990-yillarda akam Termizda ancha tanilgan san’atkor edi. Ammo men uchun oddiy aka edi, biror marta oilada uning mashhurligi sezilmasdi. U xokisor inson edi. Shu boisdan ham uning bizni tark etishiga ishonmasdim. Ba’zan qaniydi akam yomon bo‘lganida, dilimizni og‘ritganida edi, uning o‘limidan shunchalik qayg‘uga tushmasmidik, deb o‘ylab qolaman, — deydi Ravshan Namozovning singlisi Zulfiya Namozova.

“Soch-soqol sabab ‘zapret’ga uchradi”

Foto: “Daryo”

— Turmush o‘rtog‘im hamisha sahnada jon bersam, deb orzu qilardi. Men ham san’atkorman, ammo ijodkorlar orasida Ravshan Namozovdek inson kamdan kam uchraydi. U asl san’atning shaydosi edi. Kasalxonada og‘ir ahvolda yotganida ham qo‘lida xuddi gitarasini ushlab yotgandek bo‘lardi. “O‘g‘illaringiz gitarangizni olib kelsinmi?” desam “Yo‘q, ko‘z tegib qoladi”, deb kulib javob bergandi. U kiyim-kechak va hashamatga qiziqmasdi. Topgan pulining bir qismini ro‘zg‘orga qolganini esa yangi musiqiy asbob sotib olishga sarflardi. “Sen xafa bo‘lma, mening birinchi ayolim gitaram, ikkinchisi mashinam”, deb hazil qilardi. Haqiqatan ham musiqiy asboblarini hech kimga ishonmasdi. Hatto ularning qaysi holatda turganini ham yaxshi bilardi. Afsuski, turmush o‘rtog‘imni erkin ijod qilishga, xalqqa taqdim etishga qo‘yishmadi. Umrining so‘nggi yillarida “Men katta “bagaj” bilan ketyapman, ularni muxlislarga yetkazolmadim”, degan gapni ko‘p aytardi.

Ravshan Namozov 2017-yilga qadar soch-soqoli sabab “zapret”ga uchradi. Kichik sabab bir-biriga ulanib, bir insonning umrini yedi. 1996-yili Ravshan aka Mustaqillik bayramida chiqishi kerak edi. Uning imiji boshqalarga o‘xshamasligi, sochi va soqolini o‘stirib yurishini yaxshi bilishardi. U mana shu imiji bilan o‘zbek folklor-rok san’atini 156 ta davlatga tanitib kelgan edi.

Foto: “Daryo”

— Xullas, Mustaqillik bayramiga chiqishdan avval “Soch-soqolingni olasan”, deyishgan. “Uzr, men ololmayman, chunki uni bir necha oydan beri o‘stiryapman. Uni Xivada olinadigan “Sevgi qo‘shig‘i” musiqiy filmi uchun maxsus o‘stirganman”, deb tushuntirishga harakat qilgan. Yonida Nasiba Abdullayeva, Kumush Razzoqova kabi hamkasblari bo‘lgan. Ular bir flakon soch lakini sepib, uzun sochlarini yig‘ib, kaltadek ko‘rsatishgan. Soqolini olishga esa arang ko‘ndirishgan. Oilamiz bilan konsertni kutib o‘tirsak, turmush o‘rtog‘imning qo‘shig‘i yangragan, ammo boshqa odam sahnaga chiqqan. Hatto soqolini olib, uzun sochini yashirishganda ham uni sahnaga qo‘yishmagan. Uni qo‘shig‘iga boshqa erkak og‘zini qimirlatib sahnaga chiqqan. Bu holatni televizor qarshisida ko‘rib, nima bo‘lganini anglolmay qolganmiz.

Ana shunday keyin bunday muammoli vaziyatlar bir-biriga ulanib ketaverdi. Eng katta zarbani o‘sha paytdagi “O‘zbeknavo”ning rahbarlaridan biri (ismi yodimda yo‘q) berdi. Shu kishi turmush o‘rtog‘imga to‘sqinlik qilib, ko‘p stresslarga sabab bo‘ldi, — deydi Muhabbat Namozova.

Suhbatni to‘liq holda quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga doir: “Sahnada Ravshan Namozov kuylaydi, deb joni uzildi”. Marhum xonandaning rafiqasi bilan uning 21 yillik “zapret”dagi hayoti hamda armonlari haqida suhbat