Ijtimoiy tarmoqlarda “Million” jamoasining shu yilning may oyida o‘tkazilgan konsert dasturi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Aslida bu jamoaga bildirilayotgan tanqidlar yangilik emas. Chunki avvalgi dasturlari ham keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lgandi. Ukraina va Rossiya urushi haqida tayyorlangan sahna ko‘rinishi sabab jamoa nafaqat saviyasizlikda, balki o‘zga millat va davlat fuqarolarining ustidan kulishda ayblanmoqda. Sahna ko‘rinishida o‘zbek muxbiri reportaj tayyorlash uchun urush maydoniga borishi va u yerda tijoratchi hamyurtini uchratib qolishi aks ettirilgan. O‘zbekistonlik muxbir urush vaqtida ham oldi-sotdi bilan shug‘ullanayotgan hamyurti bilan suhbatlashadi. Muxbirning reportajini boshlovchi Davron Kabulov olma yeb kuzatib o‘tiradi.

Ukrainada ayollar zo‘rlanayotgan, bolakaylar bombalar ostida burda-burda bo‘layotgan bir paytda, o‘zbek shoumenlari o‘zlarining bachkana chiqishlari bilan bu fojiani kulgiga olishmoqda. Yana “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida!

Bu konsertni ko‘rib hech hayron bo‘lmadim: bizning borimiz shu! Ukrainaga ertaga atom bombasi tashlansa, shuni ham bachkana askiya qilamiz. Nurlangan Ukrainada qurut, qovun va “semichka” sotayotgan o‘zbekni ko‘rsatamiz, — deb yoziladi Facebook tarmog‘iga joylangan postda.

Post egasi nafaqat jamoa a’zolarini, balki ularning xatti-harakatlariga kulib, oddiy qabul qilayotgan tomoshabinlarni ham keskin tanqid qilgan. Post yakunida Madaniyat vazirligi va “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi nazoratni qo‘ldan chiqargani haqida ham yozib qoldirilgan. Ushbu postga ko‘plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘z munosabatlarini bildirib, bunday vaziyatdagi davlatning ustidan kulish nafaqat siyosatga, balki insoniylikka ham to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlab o‘tishgan.

Foto: Skrinshot

Sir emaski, jamoaning hech bir konsert dasturi e’tibordan chetda qolmaydi. Konsert chiptalari ham, internetga joylangan videolarga bo‘lgan talab ham hamisha yuqori. Muhokamalarga sabab bo‘lgan so‘nggi dastur ham qisqa vaqt ichida YouTube tarmog‘ida 19 million marta tomosha qilindi.

Xo‘sh, internet foydalanuvchilarining e’tiroziga sabab bo‘layotgan sahna ko‘rinishi tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganilganmi va, umuman, qiziqchilarning konsert dasturlarini o‘tkazishda qanday talablar bor? Shu kabi savollarga javob olish maqsadida “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi matbuot kotibi Abbos Ergashev bilan bog‘landik.

Keyingi vaqtlarda bu kabi murojaatlar ko‘payib ketgan. Masalan, bugunning o‘zida to‘rtta murojaatda “Million” jamoasidagi Ukraina va Rossiyadagi vaziyatga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishi borasidagi tanqidiy fikrlarni eshitdim. Afsuski, “Nega nazorat qilmayapsizlar?” degan e’tirozlar ko‘p bo‘lyapti.

2020-yilning 24-avgustdagi PF-6044-son farmonining 2-ilovasiga muvofiq konsert-tomosha tadbiriga  beriladigan bir martalik ruxsatnoma, ommaviy tadbirlarga ruxsatnoma va xalqaro va umumdavlat tadbirlariga ruxsatnomani kelishish birlashtirish orqali bekor qilinib, 2021-yil 1-yanvardan ommaviy tadbirlarga ruxsatnoma berish tizimi tashkil etish qayd etilgan.

“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi 2021-yil 14-iyuldagi (O‘RQ-701-son) O‘zbekiston Respublikasi qonuni asosida “Maxsus elektron tizim orqali ayrim ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi yagona nizomi” bilan ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnomaning pasporti asosida Ichki ishlar vazirligi vakolatli organ sifatida belgilangan.

Foto: “Lex.uz” / Skrinshot

Ya’ni “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi avvalgidek konsertoldi yoki tomosha vaqtida yetarli darajada nazorat qilolmayapti. Tomosha o‘tganidan keyin ijodkorlarga tushuntirish ishlari olib boriladi, ammo konsert o‘tkazib bo‘linganidan keyin buning ahamiyati u qadar sezilmaydi.

Aksariyat qiziqchilarning taqlidlari, she’riy parodiyalari qanchalik kulgili bo‘lmasin, kishiga erish tuyuladi. Negaki, bu ehtiroslar soxta, to‘qilgan, aniqrog‘i, o‘zgalarni chalg‘itish, miyamizning kulgiga bo‘lgan tabiiy ehtiyojlarini yengilgina qondirish uchun namoyish etilayotgandek taassurot uyg‘otadi.

Sahnada 4 ming kishiga qilinayotgan harakatning nojo‘ya ta’siri millionlab inson zaharlashiga yoki, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy buzilishiga olib kelmoqda.

Ma’lumot uchun: ichki ishlar organlari tomonidan ommaviy tadbirlarga beriladigan ruxsatnomada tashkilotchi ariza berishdan avval “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida rejalashtirilayotgan konsert dasturlarini va ssenariysini ko‘rib chiqishi va saroy rahbari tomonidan tasdiqlashi belgilangan.

Lekin ushbu saroy direktorlari konsert dasturini ko‘rib chiqib o‘zgartirishga yoki malakali mutaxassislarni olib kelib konsertga tayyorgarlik ko‘rishda va har kunlik o‘tadigan konsert dasturining repertuarini nazoratga olishning imkonini qilolmayapti.

Bu vakolat Ichki ishlar vazirligiga o‘tgani bois “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi ijodkorlarga faqatgina tushuntirish va tavsiyalar berish ishlari bilan kifoyalanmoqda, — deydi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi matbuot kotibi Abbos Ergashev.

Masalaga yanada oydinlik kiritish maqsadida madaniyat vazirining matbuot kotibi Orifjon Fayziyev bilan ham bog‘landik.

Ayni kunlarda Madaniyat vazirligi konsertlarni nazorat qilish va ularga bir martalik ruxsatnoma berish vakolatini “O‘zbekkonsert” davlat muassasasiga qaytarish bo‘yicha loyiha ishlab chiqqanmiz. Bu vakolat 2020-yilda “O‘zbekkonsert”dan olinib, mahalliy hokimiyatlar, Ichki ishlar vazirligi va saroy ma’muriyatiga berilgan.

Amaldagi farmonga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi hududiy boshqarmalari va mahalliy ijroiya hokimiyatlari konsert dasturlari va ssenariysini ko‘rib chiqish, repertuarining g‘oyaviy badiiy darajasini baholash, ijrochilarning chiqishlarida ular tomonidan nojoiz xatti-harakatlarga, jumladan, tomoshabinlarga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xatti-harakatlarning oldini olishga mas’ul hisoblanishadi. Shu bois ularni monitoring qilishning imkoni bo‘lmayapti.

Ilgari xonanda va qiziqchilar konsert berishdan avval dastur ssenariysini “O‘zbekkonsert”ga taqdim etardi va barcha javobgarlik muassasaga berilardi. Hozir bu vakolat “O‘zbekkonsert”da bo‘lmaganligi uchun konsertlarda mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydigan holatlar tez-tez uchrayapti.

O‘zbekiston hamisha tinchlik tarafdori bo‘lgan. Shu bois Madaniyat vazirligi konsert tomoshalarda u yerdagi vaziyatni yoritish yoki o‘z munosabatini bildirishiga mutlaqo qarshimiz. Hamyurtlarimizning fikrlari mutlaqo asosli va tanqidlar o‘rinli ekanligini inkor etmaymiz., — deydi Madaniyat vazirining matbuot kotibi Orifjon Fayziyev.

Amaldagi qonun bo‘yicha Madaniyat vazirligi konsertlar uchun bir martalik ruxsatnoma berolmas, ammo xonanda va kulgi jamoalarini ogohlantirishi mumkin-ku. San’at va madaniyat vakillarini nazorat qilish shu vazirlikning asosiy vazifalaridan biri hisoblanishini ham unutmaslik lozim. Bu e’tirozga madaniyat vazirining matbuot kotib Orifjon Fayziyev quyidagicha munosabat bildirdi.

Vazirlik tomonidan bu kabi holatlarning oldini olish uchun kerakli chora-tadbirlar ko‘riladi. Ammo bir narsada takror va takror pand yeyapmiz. Ya’ni konsertlar o‘tib ketganidan keyin vazirlikka tosh tegyapti.

Biz konsert repertuari va ssenariysidan xabardor emasmiz. So‘raydigan bo‘lsak, huquqiy vakolatimiz yo‘q. Konsert o‘tganidan keyin esa xalq dashnomlari to‘g‘ri vazirlik zimmasiga tushyapti. Shu boisdan ayni kunlarda huquqiy vakolatimizni qaytarib olish chora-tadbirlarini ko‘ryapmiz, — deydi madaniyat vazirining matbuot kotibi Orif Fayziyev.

Aslida o‘tkaziladigan hech bir konsertni Madaniyat vazirligi va “O‘zbekkonsert” davlat muassasasining ishtirokisiz tasavvur etish qiyin. Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmatining mutaxassisi Sherzod Abdullayev bu borada qanday fikrda ekanligiga ham qiziqib ko‘rdik. Hokimlik shu yilning may oyida o‘tkazilgan “Million” kulgi jamoasining konserti ssenariysi bilan tanishganmi, nega undagi sahna ko‘rinishlarga e’tiroz bildirmagan?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil, 22-fevraldagi 86-son qaroriga muvofiq ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnoma faqatgina Ichki ishlar vazirligi berish huquqiga ega. Kerakli hujjatlar faqatgina vakolatli organga topshiriladi, — deydi Sherzod Abdullayev.

Foto: “Lex.uz” / Skrinshot

Masalaga Toshkent shahri hokimligi nomidan fikr bildirgan mutaxassis Sherzod Abdullayev konsertlarni hokimlik nazorat qilmasligini ta’kidlagach, Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i Nilufar Isaxonova bilan bog‘landik.

“Million” jamoasining e’tirozlarga sabab bo‘layotgan konsert dasturi may oyida o‘tkazilgan. Shu yilning 1-mayidan boshlab, konsertlar uchun bir martalik ruxsatnoma berish Ichki ishlar organiga o‘tkazilgan.

Ammo tashkilotchi arizani konsert o‘tkazilishidan 30 ish kuni avval Ichki ishlar organiga taqdim etishi kerak. Shu bois Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi tomonidan ularning ssenariysi, repertuari o‘rganilmagan, — deydi Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i Nilufar Isaxonova.

Xullas, “Million” jamoasining konsert dasturini kim nazorat qilgan, degan savolga hech bir tashkilot aniq javob berolmadi. Bu — ommaviy konsert-tomoshalarini o‘tkazishda qonunda belgilangan tartibda ish ko‘rilmayotganini ifodalaydi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qaroriga muvofiq konsert-tomoshalarini o‘tkazishda nimalarga e’tibor berilishi aniq ko‘rsatilgan.

Foto: “Lex.uz” / Skrin

“Million” jamoasi sardori Davron Kabulovning bu boradagi fikrlarini o‘rganish uchun u bilan bog‘lanishga harakat qildik. Afsuski, u bu haqda gapirishni istamadi.

Muallif:Nargizaxon Murodova