“Dizayn” jamoasi a’zosi Elmurod Haqnazarov “Daryo” nashrining YouTube’dagi kanaliga bergan intervyusida pul topish uchun san’atga qadam qo‘ygani va Otabek Muhammadzohidning yolg‘on shogirdi bo‘lib to‘ylarga chiqqani haqida so‘zlab berdi.

— Farg‘ona politexnika institutiga shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinganman. Moddiy imkoniyatimiz yaxshi bo‘lmagani uchun dadamga o‘qimayman, desam “Bir amallab to‘laymiz”, degan. Haqiqatan ham birinchi olti oylik shartnoma pulini ishxonasidan pul o‘tkazib, to‘lab bergandi. Ammo shartnoma pulidan tashqari ham xarajatlar bor edi. U paytlarda baho olish uchun ham pul berilardi. Moddiy imkoniyatimni yaxshilash haqida o‘ylab yurgan paytimda dadam rahmatli Hojiboy Tojiboyevning konsertini tomosha qilib o‘tirgan ekan. Yuz-qo‘limni yuvayotgan paytim ustozning “Hozir kimning ishi yurishmasa, qo‘shiq aytyapti”, degan gapi qulog‘imga chalindi. Dadam maza qilib kulib konsert ko‘rayotganda, men juda yomon ahvolga tushdim.

“Mening ham ishim yurishmayapti, qo‘shiq aytib ko‘rsammikan?” deb xayoldan o‘tkazdim. Rahmatli Oxunjon Madaliyevning ashaddiy muxlisi edi. Kassetasini olib kelib, 30 ga yaqin qo‘shiqlarini yod oldim. Undan keyin Sherali Jo‘rayev va Otabek Muhammadzohidning qo‘shiqlarini yod oldim. Musiqiy bilimim bo‘lmasa-da, qo‘shiq aytishga jiddiy ahd qilgandim. Keyin ustoz san’atkor Otabek Muhammadzohidning uyiga borib, shogirdlikka olishini so‘radim. U “Bitta qo‘shiq ayting-chi?” degan. Ijromdan so‘ng “Yo‘q uka, qo‘shiq bunday aytilmaydi, o‘rganib, keyinroq kelasiz”, deb xayrlashgan. Oradan 6 oy o‘tib, yana uyiga borganman. O‘shanda jamoasidagi barcha sozandalar bilan davra qurib o‘tirgan ekan.

Har doimgidek yana qo‘shiq aytishimni so‘radi. Ijromdan so‘ng muloyimlik bilan “Jon uka, siz ritmni ham his qilmayapsiz”, deb turganida “Aka, gapning ochig‘i, shartnoma asosida o‘qishga kirganman. Sharoitim u qadar yaxshi emas. Shogird qilib olmasangiz ham, mayli, yoningizda tursam bo‘ldi. Disklar tarqalsa, odamlar meni sizning shogirdingiz deb o‘ylab to‘yga chaqiradi, shunda men ham shartnoma pulini to‘lashga qiynalmayman. Ammo 4 yildan keyin qo‘shiq aytishni yig‘ishtiraman”, deganimda hammalari kulib yuborishgan. Otabek aka ham kulib, “Sizdan qo‘shiqchi chiqmaydi-yu, ammo qiziqchi bo‘lsangiz bo‘ladi. Gaplaringiz dona-dona”, degandi. Bu voqeadan bir kun avval institutda “Quvnoqlar va zukkolar” jamoasiga taklif etishganda “Bitta gapni to‘g‘ri aytolmayman-ku”, deb rad etgandim.

Ertasi kuni institutga borib, jamoaga qo‘shilganman. Xullas, san’atga qiziqishimga Hojiboy Tojiboyev va Otabek Muhammadzohidlar sabab bo‘lishgan. Ammo Otabek aka shogirdlikka olmagan. Sozanda akalarga sekin qo‘ng‘iroq qilib, bugun qaysi to‘yxonada xizmat qilishini so‘rardim. Kostyum-shimlarni kiyib, Otabek akaga yaqinroq turishga harakat qilardim. Otabek aka meni unutib ham yuborgandi. U paytlarda Otabek aka ishtirok etgan to‘ylarning diski tarqab ketardi. Meni ko‘pchilik hofizning shogirdi deb bilib, to‘ylariga taklif etishni boshlashdi. Ko‘p o‘tmay to‘ylarda hofizlik qilish oson emasligini tushunganman. To‘rt yil ichida to‘ylarda hofizlik qilib qo‘lim, burnim singan, ko‘p marta ko‘zim ko‘kargan. Ammo va’damda turib, to‘rt yildan keyin qo‘shiqchilik qilishni to‘xtatganman, — deydi “Dizayn” jamoasi a’zosi Elmurod Haqnazarov.

Mavzuga doir: “Pul topish uchun yuzimni berkitib, ko‘cha supurganman”. Elmurod Haqnazarov bolaligidagi achchiq xotiralar hamda futbolchi bo‘lish orzusi armon bo‘lgani haqida (video)