“Dizayn” jamoasi a’zosi, qiziqchi Elmurod Haqnazarov “Daryo”ning YouTube’dagi kanaliga bergan intervyusida achchiq xotiralar sabab bolalikka qaytishni istamasligi, pul topish uchun ko‘cha supurishga majbur bo‘lgani va futbolchi bo‘lish orzusi armonga aylangani haqida so‘zlab berdi.

— Men Farg‘onaning Chimyon qishlog‘ida dunyoga kelganman. U yer haqiqiy rivojlangan shaharcha bo‘lib, sanoati va dam olish sanatoriylari bilan mashhur. Bolaligim yomon o‘tmagan, ammo “Unga qaytishni istaysizmi?” deyishsa, yo‘q degan bo‘lardim.

Bunga sabab bolalik bilan bog‘liq achchiq xotiralarim bor. Ulardan biri, o‘zim o‘qiydigan maktab eshigining tagida onam mayda-chuyda narsalar sotib o‘tirardi. Onam buvim bilan navbati bilan sotuvchilik qilishardi. Yozda-ku mayli, ammo qish kuni ularning sovuqda o‘tirganini ko‘ra turib, maktabga kirib ketishimdagi holatimni tasvirlab berolmayman.

Dadam zavodda ishlagan va u yerda portlash bo‘lgan. Bir kuni onamni it qopib olgan. Xullas, mana shunday voqealar sabab bolalikka qaytishni istamayman. Ammo bu bilan baxtli kunlarim bo‘lmagan, faqat qiyinchilikda yashaganmiz, demoqchi emasman.

Onam issiq nonni tandirda yopib, belimga bog‘lab berardi. Sinfdoshlarim bilan qo‘y boqqani chiqib, tushlik vaqti hamma topganini dasturxonga qo‘yardi. Hatto dalada o‘tlab yurgan sigirlarni sog‘ib, issiq sut ichardik, — deydi Elmurod Haqnazarov.

Elmurod Haqnazarov ko‘cha supurishga majbur bo‘lgani va 10 kilometr masofani piyoda bosib institutga qatnagani haqida so‘zlab berdi.

— 1999-yili Farg‘ona shahriga ko‘chib kelganmiz. Oilamiz oddiy, hamma qatori kun ko‘rardi. Kollejda o‘qib yurgan paytlarim ota-onamga ko‘maklashish uchun mahalla supuruvchisi bo‘lib ishga kirgandim. Ertalab azonda turib, yuzimni mato bilan to‘sib, ko‘chalarni supurardim. Odamlardan uyalmasdim, shunchaki kun kelib “Ko‘cha supuruvchi-ku” deb menga qizini turmushga bermasligidan hayiqardim. Tong yorishgach, ishni tugatib, kiyimlarimni almashtirib, o‘qishga ketardim. Yo‘l kiraga pul sarflashni istamay, o‘qishga piyoda qatnardim. Bilmadim, o‘shanda shuncha kuchni qayerdan olgan ekanman, — deydi Elmurod Haqnazarov.

Bundan tashqari, qiziqchi bolaligidan futbolga qiziqqani, ammo oilasidagi moddiy qiyinchiliklar sabab sportni davom ettirolmagani haqida so‘zlab berdi.

— Bolaligimdan futbolga qiziqardim. Jamoamizning sardori ham o‘zim edim. Ammo bir narsa qattiq alam qilardi. O‘yin vaqtida menga bo‘ysunadigan sinfdoshlarim dadalari bilan avtobusga o‘tirib, “Neftchi”ning o‘yinini ko‘rganini borishardi. Ammo men yo‘l puli sabab o‘yinni ko‘rgani borolmasdim.

Futbolga bo‘lgan qiziqishim kuchli edi. Ammo jarohat olganimdan keyin futbol o‘ynashni kamaytirishga majbur bo‘lganman, — deydi “Dizayn” jamoasi a’zosi Elmurod Haqnazarov.

Mavzuga doir: