Davron G‘oyipov uzoq yillardan beri qandli diabet kasalligi bilan kurashardi. Bundan tashqari, 10 yil avval uning bitta buyragini ham olib tashlashgandi. Bu haqda “Daryo” muxbiri bilan suhbatda marhum xonandaning shogirdi Shuhrat Ortiqov so‘zlab berdi.

Foto: YouTube

— Davron aka uzoq yillardan beri qandli diabet kasalligi bilan kurashardi. Bundan tashqari, 10 yil avval bitta buyragini ham olib tashlashgandi. Uning salomatligi shu yilning fevral oyida boshlab yanada yomonlashdi. U yomg‘irli kunda Surxondaryodagi tadbirdan qaytayotganda jiddiy avtohalokatga uchragani sabab bo‘lgan.

O‘shanda mashina “Qamchiq” davonidan ag‘anab, Davron akaning umurtqasi jiddiy jarohatlangandi. Yozning deyarli har kunini muolaja bilan o‘tkazdi.

15 kundan beri Qarshidagi kasalxonaning jonlantirish bo‘limida davolanayotgandi. Uning o‘limiga buyrak yetishmovchiligi va qon bosimining ko‘tarilishi sabab bo‘ldi, — deydi marhumning shogirdi Shuhrat Ortiqov.

61 yoshli Davron G‘oyipov 2022-yilning 7-oktabr kuni o‘z tug‘ilgan kunida vafot etdi.