23-sentabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Lev Tolstoyning unashtirilgan qizining singlisi Sofya Andreyevnaga uylanishi, yadroviy urushga qarshi Oq uy qarshisida ochlik e’lon qilgan doktor Xayder va Finlyandiyadagi kollejda sodir etilgan ommaviy qotillikka oid faktlar o‘rin olgan.

1862-yilning 23-sentabr kuni graf Lev Tolstoy Sofya Andreyevna Bersga uylangan edi. 27 yillik turmushi davomida ular 13 farzandni dunyoga keltirgan.

Foto: “RIA Novosti”

“Men ayollar bilan birga bo‘lishim kerak”

Tolstoy o‘zining shahvoniy xohish-istaklari bilan bog‘liq murakkab munosabatlarini hech qachon yashirmagan — bu haqda u kundaligida yozib qoldirgan. Tolstoy 19 yoshidan boshlab haqiqiy Don Juandek hayot kechirgan. “Men shahvoniylikni yenga olmayman, ayniqsa, bu ehtiros mening odatim bilan birlashgani uchun. Menga ayol kerak”, — deb yozadi u 26 yoshiga qadar tutgan kundaligida.

Keyinchalik Tolstoy shunday xulosaga keladi: “Bu endi mijoz emas, balki fahshga ko‘nikib qolishdir”.

Biz zumda o‘tib ketadigan ko‘ngilxushliklardan tashqari Tolstoy hayotida jiddiy hissiyotlar ham bo‘lgan. 22 yoshida uning yuragini Zinaida Molostvova — singlisining dugonasi va boshqa bir insonga unashtirilgan bo‘lishiga qaramay grafga qiziqish bildirgan qiz egallagan. Ammo o‘z muhabbatini izhor etishga yuragi betlamagan yigit ketishni ma’qul ko‘rgan: “Unga sevgim haqida biror so‘z qotmadim, ammo ishonchim komilki, u hissiyotlarim haqida biladi…”.

Peterburgda u boshqa bir ayol — Aleksandra Obolenskayani yoqtirib qolgan. Unga bo‘lgan hissiyotlari bir yildan keyin Yasnaya Polyanada ketishiga, jumladan, uylanish niyatida yo‘l olishiga xalaqit bermagan. Buning uchun Tolstoy 20 yoshli Valeriya Arsenyevna — vasiysi bo‘lgan dvoryanning qizini tanlagan. Graf uning ortidan bir yil ergashib yurgan, biroq yakuniy qaror qabul qilishga botina olmagan: Valeriya qo‘llari ochiq ko‘ylak kiyganida qo‘llari unga yoqmagan, yoki u tarbiyali, odobli bo‘lib ko‘rinmagan. Oxir-oqibat ajralish uchun ahmoqona ko‘ringan sababni o‘ylab topgan: tushida Valeriyaning boshqa bir inson bilan o‘pishayotganini ko‘rgan emish.

Foto: Regnum

Oila qurgan Aksinya bilan Tolstoy jiddiy munosabatlar o‘rnatgan. Uning eri uyiga kamdan kam hollarda kelgan, shu sababli uchrashuvga hech narsa xalaqit qilmagan. Yosh graf qanday hissiyotlarni boshidan o‘tkazganini kundaligiga tushirgan: “Aksinyani ko‘rdim… Men sevib qoldim, hali bunaqasi bo‘lmagan…”.

“Aytaman yoki o‘zimni otaman”

Tolstoyning Aksinya bilan munosabatlarini faqatgina bir ayol — birinchi va yagona rafiqasi paydo bo‘lgach uzgan. U Sofya Andreyevna Bers bilan 48 yil birga hayot kechirgan.

Dastavval Tolstoy Sonyaga emas, uning katta opasi Lizaga unashtirilgan. “Liza Bers meni vasvasaga solmoqda; ammo bu bo‘lmaydi. Bitta hisob-kitob yetarli emas, hissiyot yo‘q”, — deydi u. Barchasi shunday yakunlangan bo‘lishi mumkin edi, agarda kechalarning birida 18 yoshli Sonya tomonidan yozilgan hikoyani o‘qimaganida. Uning bosh qahramoni “jozibador bo‘lmagan tashqi ko‘rinishga ega, ammo oliyjanob va aqlli knyaz Dublinskiy” edi.

Ushbu yangilikdan keyin o‘sha vaqtda 34 yoshda bo‘lgan graf Sonyaning oldiga kelib, u bilan hamma narsa haqida gaplashishni boshlaydi. Shunday kechalarning biri uning kundaligida paydo bo‘lgan: “Hech o‘ylamaganimdek, sevib qoldim. Ertaga boraman, barchasini aytaman yoki o‘zimni otaman”.

Ertasi kuni Tolstoy o‘ylagan ishini amalga oshiradi. Haqoratlangan opasining g‘azabiga qaramay, Sonya shu ondayoq “ha” deya javob qaytaradi. To‘y grafning talabi bilan bir haftadan keyin bo‘lib o‘tadi.

Ammo tantana kuni doim xushchaqchaq Sonya ko‘zlarida yosh bilan paydo bo‘ladi. Faqatgina uning eng yaqinlarigina bir kun oldin Tolstoy yosh kelinga barcha sevgi ishlari bitilgan kundaligini topshirganini bilardi.

To‘ydan keyin Sofya Andreyevna doim orzu qilganidan farzandlarni dunyoga keltirishni boshlaydi. Ular jami 13 marotaba bolali bo‘lgan, biroq besh nafari chaqaloqligida vafot etgan. Sofya Tolstoyning butun hayoti bolalar tarbiyasi, uy ishlari, eriga qarash, uning qo‘lyozmalarini kechalari oqqa ko‘chirish bilan kechardi— jumladan, “Urush va tinchlik”ning to‘rt tomini bir necha bor qayta yozgan. U ikkita xorij tilini bilar va Tolstoyning falsafa mehnatlaridan dars berar, shuningdek, Yasnaya Polyanadagi butun xo‘jalik ishlari va buxgalteriyani yuritardi.

Ayolingiz mukammal! Unga shakar, sirka, tuz, xantal, qalampir, anbar qo‘shasizmi — barchasi faqat buzib qo‘yadi”, — degan edi Tolstoyga shor Afanasiy Fet. Lev Nikolayevichning o‘zi esa Sofyani ko‘proq ayol sifatida emas, balki do‘st deb ko‘rar va bu uning tez-tez rashkini qo‘zitardi.

Foto: Regnum

Tolstoy 60 ga, rafiqasi 44 yoshga to‘lganida ularning oilasida so‘nggi farzand — Ivan dunyoga kelgan. Ushbu tug‘uruq eng og‘iri bo‘lgan, ammo u er-xotinni yaqinlashtirgan. Vanyani boshqalardan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘rishar va nimjon o‘sayotganida qattiq xavotirga tushishar edi. Bola 7 yoshga to‘lganida qizilchadan vafot etgan, shundan keyin Sofya Andreyevna ushbu yo‘qotishdan o‘ziga kela olmagan.

Tolstoyning qarashlarini o‘zgarishi ham oilaviy hayotga iliqlik olib kira olmagan. Vasiliy Syutayev bilan tanishuvdan keyin yozuvchi jismoniy mehnat bilan shug‘ullanish qaroriga kelgan — buni o‘zining diniy majburiyati deb hisoblagan. Yozuvchi dvoryanlarga xos kiyim-kechaklaridan voz kechib, dehqonlarga xos kiyinib, soqol o‘stirgan. Ammo keng tarqalgan fikrga qarshi yalangoyoq yurmagan: graf o‘zi tayyorlagan boshmoqlarni kiygan.

Tolstoy dunyoviy hayotdan butunlay uzilgan. Bir safar u Moskvada yaxshi ko‘rgan pianinochisi Anton Rubinshteynning konsertiga taklif etiladi. Hech narsaga e’tibor bermagan yozuvchi “san’at — hashamat va gunoh” deya taklifnomani oynadan uloqtirib yuboradi. Aslida konsertga borishni juda xohlagani uchun unda asabiy tutqanoq sodir bo‘ladi. Rubinshteyn grafning xonadoniga kelib, Tolstoy tezroq sog‘ayishi uchun unga kechasi bilan musiqa chalib berishga majbur bo‘ladi.

Tolstoyning yangi hayot tarzining yana bir muhim jihati — oddiy turmush tarzi edi. U oilasiga daromadining bir qismini kambag‘allar va maktablarga berishni taklif qiladi. U endi asl go‘zallikni sargardonlikda, telbalikda ko‘radi. Holbuki, uning xotini oilani boqishi va qolgan pul bilan butun uy xo‘jaligini boshqarishi kerak edi.

O‘limidan 10 kun oldin 82 yoshli Tolstoy Yasnaya Polyanadan hamyonida 50 rubl bilan chiqib ketadi. Bunda maishiy sabab bo‘lgani aytiladi: uch oy oldin Tolstoy maxfiy vasiyatnoma yozgan bo‘lib, unga ko‘ra, barcha asarlarining mualliflik huquqlarini rafiqasi Sofya Andreyevnaga emas, qizi Aleksandra va yaqin do‘sti Cherkovga qoldirgan edi.

Bundan xabar topgan Sofya Andreyevna oilaviy hayotni do‘zaxga aylantirgan: Tolstoyga tashlangan va janjal ko‘targan, barcha katta bolalari ham ochiq-oydin bunga qarshi bo‘lgan. “Chiday olmayman, ularni meni yeb tashlamoqda. Sofya Andreyevnani ko‘rarga ko‘zim yo‘q”, — deb yozadi o‘sha kunlar haqida Tolstoy.

Foto: Regnum

Shunga qaramay, Tolstoy butun umr rafiqasiga sodiq bo‘lgan. O‘limidan keyin quyidagi so‘zlar tushilgan maktubi ayoliga topshirilgan: “Sendan ketganim sendan norizo bo‘lganimni bildirmaydi… Seni qoralamayman, aksincha, hayotimizning uzoq 35 yilini mamnuniyat bilan xotirlayman! Mening aybim yo‘q… Men o‘zgardim, ammo odamlar uchun emas, balki o‘zim uchun, chunki boshqacha bo‘lolmayman! Ortimdan yurmaganing uchun seni ham ayblamayman”.

Oq uy qarshisida ochlik e’lon qilgan doktor Xayder

1986-yilning 23-sentabr kuni amerikalik astrofizik olim Charlz Xayder Oq uy qarshisida ochlik e’lon qilgan edi. Olim o‘zining bu kabi tashabbusi bilan yadroviy qurolni to‘liq taqiqlashni talab qilgan.

Foto: “TASS”

Beso‘naqay qalpoq kiyib olgan sersoqol semiz doktor Charlz Xayder o‘sha vaqtlarda sovet televideniyesining sevimli personajlaridan biri bo‘lgan. Jurnalistlar sovet tomoshabiniga Vashingtondagi siyosiy faollar orasida mashhur bo‘lgan Lafayett-parkda butun dunyoni yadroviy quroldan voz kechishga chaqirib, ochlik e’lon qilganini namoyish etgan. Olim o‘zining norozilik aksiyasi avvalida o‘lishi mumkinligini aytgan, ammo hamkasblari va do‘stlarining nasihatlari uni to‘xtata olmagan.

1987-yilning mayida Xayder jurnalistlarni to‘plab, o‘lishni emas, AQSH prezidentligiga nomzodini qo‘ymoqchi ekanini ma’lum qiladi. O‘sha vaqtda The Washington Post Xayder yetti oy davom etgan ochligi orqasidan 136 kilogrammga ozganini yozgan. U faqatgina suv ichgan va immunitetini saqlash uchun vitaminlar iste’mol qilgan.

SSSR uchun Xayder sovet propagandasini targ‘ib qiluvchi ideal obyekt edi: olim, tinchlik tarafdori, AQSH akademik Andrey Saxarovning Nijniy Novgorodga surgun qilishini haqida gapirayotgan bir paytda ajoyib sabab edi.

“Sovet propagandasining oxirgi amerikalik qahramoni”, — deya teleboshlovchi Leonid Parfyonov uni ta’riflagandi. Kulgilarga qaramay, Xayder katta obro‘ga ega shaxs bo‘lmasa-da, o‘zining romantizmi bilan sovet olimlariga o‘xshab ketardi. “Charlz o‘zi qilayotgan ishga ishonardi”, — deydi uning do‘stlaridan biri.

“Telba professor” tashqi ko‘rinishiga qaramay, Xayder astrofizika sohasida yetuk mutaxassis bo‘lgan. U uzoq yillar NASA’da ishlagan va astrofizika bo‘yicha bir nechta ilmiy ishlarni yozgan, shuningdek, NASA’ning Solar Maximum Mission sun’iy yo‘ldoshini parvozga tayyorlashda ishtirok etgan.

Biroq uning asosiy ishtiyoqi Nyu-Meksiko shtatidagi yadroviy chiqindilarga qarshi kurashga bag‘ishlangan ijtimoiy loyihalar edi. 1970-yillar boshida olim Karlsbaddagi radioaktiv chiqindilar omboriga e’tiborni jalb etishga qaratgan va bu bo‘yicha kongressda taklif etilgan ekspert sifatida mavzuni ko‘targan.

Ushbu shtatda hamon kattaligi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadigan yadroviy chiqindixona bor. Xayderning bu boradagi maqolasi jamoatchilik va jurnalistlar e’tiborini tortishga, hatto Germaniyaga olib kelingan navbatdagi plutoniy partiyasini chiqindixonaga ko‘mishga qarshi chiqishga yordam bergan.

Xayder o‘zining dunyoqarashiga 1950-yillarda sodir bo‘lgan Koreya urushidagi ishtiroki ta’sir ko‘rsatganini aytgan. “Men o‘z yurtimizni himoya qilyapmiz deb o‘ylardim, ammo shunchaki aybsiz insonlarni o‘ldirayotgan ekanmiz. Agarda qaytsam, farzandlarimni urushda ishtirok etmaydigan qilib tarbiyalashni o‘ylardim”, — deya eslaydi olim.

Foto: “TASS”

Xayer bog‘ga ertaroq kelib, o‘z palatkasini o‘rnatishga joy topgan. Uning yoniga ikkita Amerika bayrog‘ini o‘rnatgan va katta ikki plakatni ilgan: “Reygan, tarix seni kutmoqda” va “Urushni to‘xtating, zulmni to‘xtating, zo‘ravonlikni to‘xtating”.

O‘sha vaqtdagi urushga va yadroviy qurolga qarshi harakat a’zolariga Reygan o‘zining “yulduzlar jangi” g‘oyasi bilan asosiy nishonga aylangandi. Aynan uning birinchi administratsiyasi davrida AQSH qurollanish xarajatlarini sezilarli darajada oshirgan.

Yana ovqatlanishni boshladi

Oq uy sovet propagandasi domiga tushmaslik uchun olimning ochlik e’lon qilganiga e’tibor qaratmagan. Shu bilan birga, amerikalik jurnalistlar Xayderga qiziqish bildirmagan deb bo‘lmaydi. The Rolling Stone’dagi maqoladan keyin u haqda The Washington Post va The New York Times yoza boshlagan.

Ko‘plab maqolalarning mualliflarida Xayder o‘z pozitsiyasiga moyillikni uyg‘otgan. Uni qo‘llab-quvvatlash uchun amerikalik biokimyogar, Nobel mukofoti laureati Jorj Uold, shuningdek, kvant elektrodinamikasi asoschilaridan biri Frimen Dayson kelgan.

1986-yilning noyabrida 20 dan ortiq amerikalik olim doktor Xayderga birdamligini ifoda etish uchun bir kunlik ochlik e’lon qilgan. Olim o‘tirgan joyga aktyor Charli Shin, Kongress a’zosi Barbara Bokser, shuningdek, sanoqsiz talabalar kelgan. Ularning barchasi olimning ishlaridan hayratda ekanini aytib, undan ochlikni to‘xtatishni so‘ragan. Ogayo shtatidan saylangan demokrat senator Tom Xarkin olimni qo‘llab-quvvatlovchi bayonot bilan chiqib, “uning o‘limi hayoti va ishi kabi tinchlik uchun xizmat qilishiga ishonchi komil emasligini aytgan”. Xayerda ochlikni to‘xtatish iltimosi bitilgan maktub SSSR rahbari Mixail Gobachyovdan ham kelgan.

Foto: “TASS”

Xayder ochlikni 1-may kuni to‘xtatib, prezidentlik saylovlarida ishtirok etishini e’lon qilgan. Shuningdek, u SSSR va AQSH prezidentlari Mixail Gorbachyov hamda Ronald Reygan qurollanishni qisqartirish bo‘yicha dialog boshlaganidan mamnun ekanini bildirgan.

Olim ochlikni tugatganidan bir necha oy o‘tib Moskva va Vashington o‘rtasida yadroviy qurollardan voz kechish bo‘yicha keng ko‘lamli muzokaralar boshlangan. 1987-yilning dekabrida AQSH va SSSR o‘rta hamda kichik masofaga mo‘ljallangan raketalarga oid bitimni imzolagan.

Xayder esa ochlikdan keyin kardiostimulyatordan foydalanishga majbur bo‘lgan va yana 17 yil umr ko‘rib, 2004-yilda Nyu-Meksikadagi qariyalar uyida o‘zi kurashib kelgan Ronald Reygan bilan bir yilda vafot etgan.

Finlyandiyadagi kollejda ommaviy qotillik

2008-yilning 23-sentabrdai Finlyandiyaning Kauxayoki shahrida joylashgan kollejining talabasi Matti Yuxani Saari tomonidan ommaviy qotillik sodir etilgan.

Foto: Wikimedia

Shu kuni soat 10:40 Saari qora rangli kiyimda yuziga niqob taqib, “Valter P22” avtomatik o‘qlanuvchi pistoleti va bir nechta “Molotov kokteyli” bilan qurollangan holda Kauxayokidagi kollej binosiga bostirib kirgan.

Saari yerto‘ladaligida qo‘riqchi Yuk Forsbergga uch marotaba o‘q uzgan, biroq uchala o‘q ham tegmagan. O‘quv zonasiga kirgan Saari 20 nafar imtihon topshirayotgan o‘quvchilar guruhini o‘qqa tutgan. Uch nafar talabaning ko‘rsatmasida aytilishicha, u rostdan ham agressiv harakat qilgan va qilayotgan ishidan rohatlangan. Keyinroq ulardan biri quyidagicha degandi: “Yigitga ko‘zim tushdi, u bizga qarata o‘q uzishni boshladi, men o‘q tegmasligi uchun zigzag usulida qochdim”.

Soat 10:42 da Saari “Molotov kokteyli”ni yoqib, koridorning shimoliy qismiga uloqtirgan. Biroq u portlamagan. Soat 10:45 da bir nechta o‘quvchi bu hazil bo‘lsa kerak deb, nima bo‘layotganini ko‘rish uchun kelgan. Matti ularga qarata o‘q uzib, ikki nafarini o‘ldirgan, bittasini yaralagan.

Foto: Wikimedia

Soat 10:46 da politsiya qo‘ng‘iroqni qabul qilib olgan va voqea joyida bir nechta mashinani yuborgan. Soat 11:00 da Saari yana bitta “Molotov kokteyli”ni laboratoriyalardan biriga otgan, shundan keyin koridordagi barcha oynalarni sindirib chiqqan. Politsiya kollejga soat 11:02 yetib kelgan, ular hovliga kirishi bilan Saari o‘t ocha boshlagan. Oradan bir daqiqa o‘tib yordam kuchlari yetib kelgan. 11:45 da politsiyachilar binoni egallamoqchi bo‘ladi, ammo binodan chiqayotgan qora tutun sabab rejalarini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan. Besh daqiqadan keyin kollejda bir nechta talaba bilan hujumni uyushtirgan shaxs qolgan edi xolos.

Soat 11:53 da Saari do‘stlaridan biriga qo‘ng‘iroq qilib, 10 kishini o‘ldirganini tan olgan va u bilan vidolashgan. Soat 12:30 Saari o‘zining boshiga o‘q uzgan. U bir necha soatdan keyin Tampere universiteti shifoxonasida vafot etgan. Hujum oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan, uch kishi yaralangan. Qurbonlarning barchasi Saarining kursdoshlari bo‘lgan, ayrimlari uni shaxsan tanigan ham.

Kadr: YouTube

Pazandalik bo‘limining 22 yoshli talabasi Matti Yuxani Saari 18-sentabr kuni YouTube’ga “navbatdagi qurbon sensan” jumlasi ostida videoroliklar joylagan. Unda “Valter P22” pistoletidan o‘q uzishni mashq qilganlari tasvirlangan. Finlyandiya politsiyasi 22-sentabr kuni — fojiadan bir kun oldin — uni roliklari sabab so‘roqqa chaqirgan va yigitdan pistoletdan foydalanish litsenziyasini olib qo‘yishni maqsadga muvofiq emas deb topgan.

23-sentabr tongida Matti Saari yotoqxonada “Men insoniyatni yomon ko‘raman” deya yozilgan varaqlarni qoldirgan. Qotilning yigitning do‘stlaridan biriga ko‘ra, fojiadan ikki yil oldin Matti unga qotillik sanasi yozilgan xabarni yuborgan. Shuningdek, u maktabda tahqirlangani haqida ma’lumotlar bor. Qotillikdan 18 oy oldin Matti bombalar, pistoletlar, ommaviy qotilliklarga qiziqish bildirgan.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.