Toshkent shahrida hozirga qadar foydalanib kelinayotgan arxitektura yodgorliklarining ahvoli o‘rganilganda ularning ayrimlariga zarar yetkazib kelinayotgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Unda aytilishicha, poytaxtda mavjud 290 ta tarixiy binolarning 167 tasi tashkilot va idoralar tomonidan foydalanilmoqda. O‘rganishlar foydalanuvchilar tomonidan obyektlardan noto‘g‘ri foydalanish va zarar yetkazish holatlari mavjudligini ko‘rsatdi.

Jumladan, o‘zboshimchalik bilan 29 ta arxitektura yodgorligiga zarar yetkazgan holda 818 dona konditsioner hamda 20 ta obyektga 36 ta soyabon va banner o‘rnatilgan. Xususan, davlat muhofazasiga olingan Toshkent iqtisodiyot universiteti binosiga 30 ta, Fanlar akademiyasiga 49 ta, transport universitetiga 98 ta konditsioner o‘rnatilgan.

Nazorat tadbirlarida 21 ta obyektdagi qonun buzilishi holatlari foydalanuvchilarning o‘zi tomonidan bartaraf etilishi ta’minlangan. Shu bilan birga, 25 ta obyekt foydalanuvchisiga nisbatan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi ishlar qo‘zg‘atilib, sudlarga yuborilgan.

Xususan, “O‘zarxiv”, Badiiy akademiya, Fanlar akademiyasi, Ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi, “Geologiya muzeyi”, “Boshplan LITI” korxonasi va boshqa idoralar mas’ul shaxslarining javobgarlik masalasi hal etilgan.

Xabarda aytilishicha, ayni paytda nazorat tadbirlari davom etmoqda.