Samarqanddagi shifoxonada yosh bolasiga shafqatsiz munosabatda bo‘layotgan ayol videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Oliy sud matbuot xizmati ushbu ayolga nisbatan jazo tayinlanganini ma’lum qildi.

Voqea 14-iyun kuni viloyatning Payariq tumanida sodir bo‘lgandi. Ayol, serebrar falaji kasalligi bilan og‘rigan 2020-yilda tug‘ilgan farzandini davolatish uchun shifoxonaga olib borib, u yerda stress va asabiy holatda 24 soat uxlamagan farzandini kaltaklagandi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari (voyaga yetmagan, ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan qiynash harakatlarini sodir etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Sudda ayol qilgan ishidan pushaymonligini aytgan. Uning qaynonasi kelinini onalik huquqidan mahrum qilishni va unga qamoq jazosini berishni so‘ragan. Voqeani videoga olgan ayol u bolasini bir necha kun kaltaklaganini bildirgan. Aybdor ayolning turmush o‘rtog‘i esa ayolini shafqatsizlikda ayblayotganlarga qarshi chiqib, uni jazolamasliklarini so‘ragan.

Sud hukmiga ko‘ra ayolga ikki yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Mavzuga doir: