Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining tezkor javob ko‘rsatish kollektiv kuchlari ishtirokidagi o‘quv mashg‘ulotlari Qozog‘istonning Jambil va Olmaota viloyatlarida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Qozog‘iston Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.

Foto: “RIA Novosti”

“Hamkorlik-2022”, “Qidiruv-2022”, “Eshelon-2022” o‘quv mashqlari 2022-yilning 26-sentabridan 8-oktabriga qadar o‘tkaziladi.

“Shu munosabat bilan 22—30-sentabr kunlari mamlakatimizga KXSHTga a’zo davlatlar harbiy kontingentlari kirib keladi. Ular turli usullarda — temir yo‘l, havo transporti va g‘ildirakli harbiy texnika yordamida harakatlanadi.

Harbiy kontingentlarni joylashtirish chog‘ida komendantlik xizmati, havo hujumiga qarshi mudofaa va har tomonlama ta’minot masalalari mashq qilinadi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Avvalroq Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi respublika, go‘yoki, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) a’zoligidan chiqishi haqidagi axborotni rad etgan edi.

KXSHT nima?

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti — ayni paytda Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikistonni o‘z ichiga olgan Yevrosiyo hukumatlararo harbiy ittifoqi. Tashkilotni tuzish haqidagi shartnoma 1992-yil 15-mayda imzolangan.

KXSHT maqsadlari tinchlikni, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, a’zo davlatlar mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini kollektiv asosda himoyalashdan iborat.

Qozog‘istonda 2-yanvar kuni gaz narxi keskin oshishi sababli ommaviy norozilik namoyishlari boshlanib, bir necha kundan so‘ng ular tartibsizliklarga aylandi. 4 va 5-yanvar kunlari Olmaotada namoyishchilarning xavfsizlik xodimlari bilan to‘qnashuvi kuzatildi. Qozog‘istondagi tartibsizliklar fonida mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qilindi. Mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev KXShTdan tinchlikparvar kuchlarini yuborishni so‘radi. 6-yanvardan Qozog‘istonga KXSHT harbiylarini jo‘natish boshlandi.

11-yanvar kuni To‘qayev mamlakatdagi vaziyat barqarorlashgani, ikki kundan keyin tinchlikparvar kuchlarni olib chiqish boshlanishi mumkinligini ma’lum qildi. 19-may kuni Rossiya Qozog‘istondan tinchlikparvar kuchlarini olib chiqishni yakunladi.

To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, KXSHT Qozog‘iston uchun og‘ir vaziyatda ko‘mak ko‘rsatgan, ularning kelishi Olmaotani hujumchilardan ozod etish imkonini bergan. Olmaota va to‘qqizta viloyat markazlari ularning qo‘liga o‘tib ketgan payt bo‘ldi, biroq KXSHT kontingenti kelib, Qozog‘istonning eng yirik shahrini hujumchilar qo‘lidan olib qo‘yishga yordam berdi, degandi mamlakat prezidenti.