“Respublikada kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-yanvardan Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi huzuridagi buyurtmachi xizmatlari va ularning hududiy filiallari, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi buyurtmachi xizmatining hududiy filiallari tugatiladi.

Tugatilayotgan buyurtmachi xizmatlarining ishlari hokimliklar huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.

2023-yil 1-yanvargacha yuqoridagi injiniring kompaniyalarining tashkiliy-huquqiy shakli davlat unitar korxonasi shakliga o‘zgartiriladi.

2023-yil 1-yanvardan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari va boshqa markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar bo‘yicha buyurtmachi xizmatlarining biznes-rejasi ularning muassisi tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

2022-yil 1-dekabrgacha Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati to‘g‘risidagi nizomning yangi tahriri ishlab chiqiladi.

Loyihaning qiymati yoki kapital qo‘yilmalar limitlarini maqbullashtirishda buyurtmachi xizmatiga to‘lanadigan xizmat haqini kamaytirish taqiqlanadi.

2023-yil 1-aprelgacha “Shaffof qurilish” tizimida texnik nazorat ishlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlarni baholash platformasi joriy qilinadi.

2023-yil 1-yanvardan ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim obyektlarning eskiz loyihasini ishlab chiqish uchun buyurtmachi xizmati tomonidan arxitektura tanlovi majburiy o‘tkaziladi.

Qarorga ko‘ra, Qurilishda texnik me’yorlash markazi va Qurilishda standartlashtirish respublika markazi negizida davlat muassasasi shaklida Qurilishda texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi.

2023-yil 1-iyulgacha fuqarolar uchun geolokatsiyasi ko‘rsatilgan holda, qurilish uchun berilgan barcha hujjatlar, qurilish nazoratini olib borishda chiqarilgan xulosalar bilan tanishish imkonini beruvchi ochiq elektron tizim yaratiladi.