Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov qo‘shni davlatlar bilan chegara masalasini hal qilish uchun yerdan voz kechmasligini aytdi. U respublika armiyasining hozirgi holati haqida ham gapirdi.

Foto: “RIA Novosti”

Japarovning qayd etishicha, Qirg‘izistonning amaldagi hukumati avvalgi prezidentlar berib yuborgan yerlarni qaytarib olmoqda. Tez orada jamiyat gap nima haqida ketayotganini bilib oladi.

Men avvalgilar kabi xiyonatkor emasman. Chegara masalasini hal qilish uchun yerdan voz kechmayman. Biz har santimetr yer uchun oxirgi tomchi qonimizgacha kurashishimiz kerak. Qirg‘iziston yeri birovning mulki emas. Ota-bobolarimiz buning uchun jonlarini ayamagan. Biz bundan afsuslanmaymiz. Kelajak avlod ham afsuslanmasligi kerak. Negaki, bu yerni kelajak avlodga qoldirish maqsadida ota-bobolarimizdan qarz sifatida olganmiz. Bu yer meniki yo sizniki emas. Bu minglab yillar davomida yashaydigan qirg‘iz xalqining kelajak avlodlari zamini, — dedi Japarov “Kabar” davlat agentligiga bergan intervyusida.

Shuningdek, Sadir Japarov qirg‘iz armiyasining hozirgi holati haqida ham gapirdi.

Hokimiyatga kelganimda armiya va boshqa huquq-tartibot idoralarining ahvoli achinarli edi. Buni xavfsizlik kuchlari ham tasdiqlaydi. To‘g‘risini aytsam, o‘tgan yili aprel oyida Tojikiston hujumi paytida harbiylarimizda avtomatdan boshqa hech narsa yo‘q edi. O‘nta tankdan faqat ikkitasini olib bora oldik. Ammo ular besh kilometr yurishga ham yaramadi. Tanklar 70—80-yillardan qolgan, akkumulyatorlar yo‘q. Birorta ham qiruvchi yoki vertolyot yo‘q edi. Armiyani shu ahvolda qabul qilib olgandim.

Yil davomida armiyani kuchaytirish uchun hamma narsani qildim. Askarlarning ratsionini ikki baravar oshirdim. Imkoniyat darajasida zamonaviy qurollar bilan ta’minladim. Xudoga shukur, hozir biz kuchlimiz. Tajovuzkorlarga qarshi turish uchun kuchimiz yetarli. Adekvat javob bera olamiz, — deya so‘zini yakunladi Qirg‘iziston prezidenti.

14-sentabr kuni Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan edi. Davlatlar bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganlikda ayblagan va chegara qishloqlari bir necha kun o‘qqa tutilgan.

19-sentabr kuni kechqurun Qirg‘iziston va Tojikiston chegaradagi vaziyatni barqarorlashtirish va ikki davlat o‘rtasida tinchlik o‘rnatish to‘g‘risida protokol imzolagan.

Sadir Japarov Tojikiston bilan chegaradagi voqealar yuzasidan bayonot e’lon qilib, uning mamlakati o‘z yerining bir metrini ham bermasligini aytgan.