Ukrainada jangovar harakatlar olib borish uchun qamoqxonalardan jalb qilingan rossiyalik yollanma askarlar qatoriga kannibal qotil ham qo‘shildi, deb yozadi Britaniyaning The Sun nashri.

Foto: The Sun

23 yoshli Yegor Komarov Sankt-Peterburgda mashinasidan boshi tanasidan judo qilingan jasad topilganidan so‘ng hibsga olingan, keyinroq esa mazasini tatish uchun uni yeb ko‘rganini tan olgan edi. Endi esa u yollanma jangchilardan iborat Vagner guruhiga kelib qo‘shilgan. Undan avvalroq esa ushbu guruhning yetakchisi deb taxmin qilinadigan Yevgeniy Prigojin qamoqxonada mahbuslar orasida tashviqot olib borib, ularni urushda qatnashishga da’vat etayotgani aks etgan video tarqalgandi.

“Mahbuslarga, shu jumladan, qotillar va jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha jinoyatchilarga Ukrainadagi urushda oldingi frontda olti oy turib berish evaziga ozodlik va Putin tomonidan afv etilish taklif qilingan”, — deyiladi xabarda.

“Rossiya panjara ortida” tashkiloti vakili Olga Romanovaning so‘zlariga ko‘ra, ularning safida “kanniballik tajribasiga ega bo‘lgan” kamida bir nafar “qotil” bor. Putinga qarshi ASLAN Twitter-sahifasi qayd etishicha, bu odam Komarovdir.

Vagner guruhi o‘zi qanday guruh?

Vagner guruhi birinchi marta Ukrainada 2014-yilda paydo bo‘lgan va Rossiyaning Qrimni egallab olishida muhim rol o‘ynagan edi.

Unga maxsus topshiriqli bo‘linma sobiq jangchisi Dmitriy Valeryevich Utkin asos solgan deb hisoblanadi, u guruhga Gitlerning sevimli kompozitori Richard Vagnerning nomini bergan.

Ko‘plab G‘arb OAVlari Vagner guruhi to‘g‘ridan to‘g‘ri Vladimir Putinga bo‘ysunishini yozadi. Uning yollanma jangchilari bolalarni o‘ldirish, ayollarni zo‘rlash va qiynoqqa solish, shuningdek, shafqatsiz qotilliklarda ayblanib keladi.