Turkmanistonda Mustaqillik bayrami (27-sentabr) oldidan Xalq Maslahati milliy kengashi raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning elektr energiyasini ishlab chiqarish va eksport qilishga bag‘ishlangan “Turkmaniston elektroenergiya quvvati” nomli yangi kitobi nashr etildi. Bu haqda “Turkmenistan segodnya” xabar berdi.

Foto: “Turkmenistan segodnya”

Kitobda sobiq prezidentning 3-sentabr kuni Davlat energetika instituti talabalari va o‘qituvchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvidagi nutqi o‘rin olgan.

Shuningdek, “Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov qudratli davlatning yangi davrida energetika sanoatini rivojlantirishni mamlakat iqtisodiy strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab bergani” haqida ham so‘z yuritilgan.

Bundan tashqari, kitobda Gurbanguli Berdimuhamedov muqobil energiya manbalaridan foydalanish va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish masalalariga to‘xtalib o‘tadi. Uning qayd etishicha, 2019—2025-yillarda Oltin ko‘l yaqinida quvvati 10 megavatt bo‘lgan quyosh-shamol elektr stansiyasini qurish rejalashtirilgan.

Nashrning ta’kidlashicha, kitob yuqori standartlarda chop etilgan.

O‘z navbatida, “Xronika Turkmenistana” gazetasi Turkmanistonda hatto yirik shaharlarda ham muntazam ravishda elektr energiyasi uzilib turishini qayd etdi. Eskirgan infratuzilma issiq yoz oylarida bosimga bardosh bera olmaydi. Shuningdek, turli ob-havo hodisalari ham elektr ta’minotidagi uzilishlarga olib kelishi mumkin.

Bu sobiq prezidentning 58-kitobidir. 9-aprel kuni Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida uning “Hayotim mazmuni” nomli 57-kitob taqdim etilgandi.