Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida yer savdosi bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Farg‘ona viloyat boshqarmasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda “R.” xususiy firmasi rahbari N.Ch. korxonaga ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun Yozyovon tumani hududidan ajratilgan 23 sotix yer maydonini fuqaro M.ga 15 ming dollar evaziga uning nomiga rasmiylashtirib berishga kelishgani aniqlangan. U xizmati evaziga 10 ming dollari va 55 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.