Yaponiya 24 yil ichida birinchi marta bugun, 22-sentabrda valyuta intervensiyasini amalga oshirdi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.

Foto: CNN

Valyuta intervensiyasi — mamlakat markaziy bankining valyuta bozoriga va valyuta kursiga chet el yoki milliy valyutaning katta summasini sotib olish yoki sotish yo‘li bilan aralashuvi.

Ya’ni Yaponiya o‘z valyutasini AQSH dollariga nisbatan yanada zaiflashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun iyena sotib olib, uning qiymatini oshirishga harakat qildi.

Ushbu valyuta intervensiyasidan so‘ng, iyena dollarga nisbatan 2 foizga oshib, bir dollar uchun 141,1 iyenani tashkil qildi.

Hukumat bu haddan tashqari o‘zgaruvchan kurslardan xavotirda. Shu sababli endigina qat’iy choralar ko‘rdi, — dedi Yaponiya moliya vazirining xalqaro ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Masato Kanda ushbu kamdan kam uchraydigan harakat haqida.

Mamlakat moliya vaziri Shunichi Suzuki matbuot anjumanida valyuta intervensiyasi ma’lum darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatganini va Yaponiya bozordagi ortiqcha volatillikni qabul qilmasligini aytdi.

Biroq tahlilchilar bu harakat iyena kursining pasayishini uzoq vaqtgacha to‘xtatib qo‘yishiga shubha qilmoqda. Valyuta joriy yilda qariyb 20 foizga qadrsizlanib, 24 yillik eng past darajaga tushib ketgan.

Bugungi qaror Yaponiya hukumatining 1998-yildan beri birinchi marta iyena sotib olish orqali valyuta bozoriga intervensiyasi bo‘ldi.

22-sentabr kun boshida Yaponiya banki o‘zining pul-kredit siyosatini saqlab qolishini e’lon qildi. Bu orqali mamlakat inflyatsiyani yumshatish uchun foiz stavkalarini oshirishga intilayotgan G7 davlatlari orasida ustun bo‘lib qolishga qaror qilganini ko‘rsatdi.

Yaponiya oxirgi marta 1998-yilda Osiyo moliyaviy inqirozi paytida o‘z valyutasini qo‘llab-quvvatlash uchun intervensiya qilgan edi.