Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist Janob Rasul “Daryo” nashrining YouTube’dagi kanaliga bergan intervyusida to‘y xizmatlaridan qancha pul topishi va dabdabali uyi haqida so‘zlab berdi.

— Ko‘pchilik meni qimmat xonanda deb biladi. Ammo men bunday deb o‘ylamayman. Yulduz Usmonova va Munisa Rizayevalar mendan ham qimmatga xizmatlarga borishadi. To‘ydagi gonorarim qancha ekanligini esa ochiq aytolmayman. Buning sababi xizmat narxlari viloyatning uzoq-yaqinligi bilan ham bog‘liq. Xorij mashinasida yuraman. U ancha ko‘p benzin yeydi. To‘yda fonogrammadan foydalanmayman. Shuning uchun yonimda bir nechta yigitlar bo‘ladi. Agar hozir xizmat haqqini aytsam, ertaga muammo yuzaga kelishi mumkin. Ammo yaqinda Tojikistonga bir soatlik xizmatga bordim. Buning uchun 15 ming AQSH dollari oldim. Bu shu kungacha bitta to‘ydan olgan eng ko‘p xizmat haqqim bo‘ldi, — deydi xonanda Janob Rasul.

Bundan tashqari, xonanda uy-joyi haqidagi ma’lumotlarni yashirmasligi, 30 sotix maydonga qurgan 4 qavatlik uyi haqida ham aytib o‘tdi.

— Uy-joyim, mashinam haqidagi ma’lumotlarni hech qachon yashirmayman. Chunki bularni faqat xalqning oldidan qo‘lga kiritdim va o‘g‘irlik qilganim, birovning haqqiga xiyonat qilganim yo‘q.

Beruniy tumanida 30 sotixli maydonga 4 qavatli uy qurganman. Bu uyning rejasini bundan 12 yil avval chizgandim. Ishonasizmi, o‘shanda bitta velosipedim ham bo‘lmagan. Yaxshi niyat qilib, katta uy qurishni rejalashtirgandim. Hozircha uyning pastki qavati bitdi. Hali yana uchta qavatining ta’mirlash ishlari bor. Uyga lift ham o‘rnatdik. Hovlida kichik issiqxona va ferma ham bor. Bolaligimdan shunday narsalarga qiziqaman.

Nasib qilsa, keksayganda nabiralarning shovqinidan qochib, ayolim bilan o‘sha issiqxonada suhbatlashib o‘tiramiz. Hali bitmagan uyimga hozircha 400 ming AQSH dollari sarfladik. Menda hammasi hisob-kitobli, qayerdan qancha pul olganimni va qancha sarflaganimni hisoblab, arxiv qilib qo‘yaman. Agar topganimni hisob-kitob qilsam, aslida to‘rt qavatli uy emas, aeroport qurishim kerak edi. Ammo yonimdagi yigitlarning ulushi va ijodning ham o‘ziga yarasha katta xarajati bor, — deydi xonanda Janob Rasul.

Mavzuga doir: