“Barselona” Lionel Messi bilan muzokaralarga oid ma’lumotlar tarqalgani bo‘yicha bayonot berdi.

Foto: Getty Images

Klub El Mundo nashrida chiqqan “‘Barselona’. Klubning maxfiy ma’lumotlari, birinchi qism” sarlavhasi ostida chop etilgan maqolaga nisbatan o‘z noroziligini bildiradi. Sud jarayonining bir qismi sifatida ko‘rib chiqilayotgan ma’lumotlar qasddan sizdirilgan. Klub ushbu ma’lumotlar hali rasman e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, yuqorida nomi tilga olingan OAV “Barsageyt tergovining bir qismi bo‘lgan juda ko‘p hujjatlar va elektron pochta xabarlariga kirish” bilan maqtanayotganidan afsusda.

Ushbu maqolada chop etilgan ma’lumotlarning sud jarayoniga hech qanday aloqasi yo‘q. Ulardan foydalanish klubning obro‘si va maxfiy ma’lumotlariga putur yetkazishga qaratilgan.

“Barselona”ning huquqlarini himoya qilish maqsadida yuridik bo‘lim bu vaziyatda qanday choralar ko‘rishi mumkinligini o‘rganmoqda.

“Barselona” bayonoti

Avvalroq Messi  “ko‘k-anorranglilar”dan 2020-yilda shartnoma imzolaganlik uchun 10 million yevro bonus, pandemiya davrida maoshlar qisqargani uchun kompensatsiya va tovon pulini 10 ming yevro bo‘lishini so‘ragani, shuningdek, o‘z oilasi va Luis Suaresning oilasi uchun “Kamp Nou”dan shaxsiy loja va Rojdestvo arafasida oilasi bilan Argentinaga uchishi uchun charter reys talab qilgani haqidagi ma’lumotlar tarqalgani xabar qilingandi.

O‘sha vaqtdagi “Barselona” prezidenti Xosep Bartomeu Leoning talablarini qabul qilgan, biroq 700 millionlik tovon pulini 10 ming yevroga tushirish talabini bajarmagan. Shuningdek, klub moliyaviy ahvoli yaxshilangandan so‘ng 10 million yevro bonus pulini to‘lab berishini va’da qilgan.

Xuddi shu kelishmovchiliklar tufayli tomonlar muzokarani davom ettirolmagan va Messi o‘zini transferga qo‘yishlarini so‘ragan.