4-sentabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Rossiya Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari yashaydigan ko‘p qavatli turar joy binosida sodir etilgan terakt, birinchi marta efirga ketgan “Nima? Qayerda? Qachon?” televizion intellektual o‘yini va Iroqda 14 yoshli qizchani zo‘rlab, o‘ldirgan amerikalik askarlarga oid faktlar o‘rin olgan.

Rossiyadagi turar joy binosida amalga oshirilgan teraktga 23 yil to‘ldi

Bundan roppa-rosa 23 yil oldin, 1999-yilning 4-sentabrida Dog‘istonning Buynaksk shahrida zamonaviy Rossiya tarixidagi birinchi turar joy binosida portlash amalga oshirilib, terakt sodir etilgan. Soat 21:45 da ichiga alyuminiy kukuni va ammiakli selitradan tayyorlangan 2700 kilogramm portlovchi modda joylashtirilgan “GAZ-52” yuk mashinasi Shohsaid ko‘chasidagi besh qavatli 3-uy oldida portlatilgan. O‘sha vaqtda u yerda Rossiya Mudofaa vazirligining 136-motoo‘qchi brigadasi harbiy xizmatchilari istiqomat qilardi.

Foto: “TASS”

Portlash vaqtida harbiy xizmatchilarning aksariyati xizmatda bo‘lgan, shu sabab qurbonlarning aksariyatini ayollar va bolalar tashkil etgan. Jami 64 kishi vafot etgan bo‘lib, ularning 23 nafari bolalardir, shuningdek, 146 kishi jarohatlangan.

Yahyo Mideyev ismli harbiy xizmatchining ayoli ham portlashda halok bo‘lgan: oilaning kvartirasi tom ma’noda ikkiga bo‘linib ketgan. O‘g‘illari va qizining omadi chopgan — ular uyning omon qolgan qismida bo‘lgan.

“Omborda yuklarni tushirayotgan edik. Kuchli portlash yuz berdi. Biz qayerdadir harbiy qismda portlash bo‘ldi shekilli, deya o‘yladik. Bitta praporshikni u yerga nima bo‘lganini bilib kelishi uchun yubordik. U ko‘rib kelib, ‘Tez kiyininglar, uylaringni portlatishdi’, dedi.

Yugurib bordim, ammo u yerga yaqinlashib bo‘lmasdi: qorong‘i, chang. Keyin gospitalga bordim. U yerda menikilar yo‘qligini aytishdi. Shifoxonaga chopdim, xotinim morgda ekani ma’lum bo‘ldi. Farzandlarim esa palatkada edi”, — deydi Mideyev.

Teraktdan so‘ng ko‘plab harbiylar Buynakskdan ko‘chib ketgan. Gasan Daniyev — ketib qolmagan kam sonli insonlardan biri bo‘lib, portlash sodir bo‘lgan joy yaqinida yashashda davom etgan. U portlovchi qurilma o‘rnatilgan yuk mashinasi binoga kelganini eslashini aytadi: aynan shu “GAZ-52”da bir necha kun davomida uy hovlisida tarvuz sotishgan. Erkakning so‘zlariga ko‘ra, kuzovda tarvuzdan tashqari 2,5 tonnadan ortiq portlovchi qurilma borligini hech kim taxmin qilmagan.

Aftidan, terrorchilar ikkita portlashni amalga oshirmoqchi bo‘lgan: ikkinchi “ZIL-130” yuk mashinasi birinchi portlashdan ikki soat o‘tib aniqlangan va portlashning oldi olingan. Tergovning hisoblashicha, terakt rasmiy versiyalarga ko‘ra Moskva Volgodonskdagi portlashlarni amalga oshirgan noqonuniy qurolli tuzilma “Kavkaz islom instituti” tomonidan tashkillashtirilgan.

Foto: “TASS”

Teraktga aloqador sakkiz kishi sudlangan. Iso Zaynutdinov (uning hujjatlari ikkinchi yuk mashinasidan topilgan) va Alisulton Solixon umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan, Ziyovuddin Ziyovuddinov esa 24 yilga qamalgan, yana besh kishiga nisbatan uch yildan to‘qqiz yilgacha qamoq jazosi tayinlangan.

Ayrim rossiyalik va xalqaro ekspertlarning fikricha, Buynaksk, Moskva va Volgodonskdagi teraktlarda Rossiya maxsus xizmatlarining qo‘li bo‘lishi mumkin. Buynaksk aholisi ushbu versiyaga ishonmaydi.

Hozirgi kunda Buynakskdagi teraktni faqat qurbonlar xotirasiga qo‘yilgan yodgorlik eslatib turadi: uning yonida masjid ham qurilgan. Bundan 23 yil oldin Buynakskdagi mazkur terakt Rossiyada 1999-yilning sentabrida sodir bo‘ladigan to‘rtta teraktning birinchisi ekanini hech kim taxmin qilmagan.

Dog‘istondan keyin 8-sentabrda Moskvaning Guryanov ko‘chasida portlash yuz bergan. Undan keyin 13-sentabrda Kashirov shossesidagi uyda, 16-sentabr kuni esa Rostov viloyatining Volgodonsk shahrida shu kabi terakt sodir etilgan: u yerda ham portlovchi qurilmalar o‘rnatilgan “GAZ-53” yuk mashinasidan foydalanilgan

“Nima? Qayerda? Qachon?” televizion intellektual o‘yinining birinchi soni

Foto: “KP.ru”

“Nima? Qayerda? Qachon?” — sovet va Rossiya intellektual televizion o‘yini bo‘lib, olti kishidan iborat bilimdon bir daqiqa davomida teletomoshabinlar tomonidan tayyorlangan savolga to‘g‘ri javob berishi kerak. Har bir javob uchun tomonlarga ochkolar beriladi. Mazkur teleo‘yinga rejissor Vladimir Voroshilov va muharrir Nataliya Stetsenko tomonidan asos solingan. Ko‘rsatuvning birinchi soni 1975-yilning 4-sentabrida efirga ketgan. O‘yin qoidalari hozirgi “Nima? Qayerda? Qachon?”dan farq qilgan. O‘yin shu qadar mashhurlikka erishganki, original televizion o‘yindan tashqari, uning sport versiyasi yaratilgan.

Vladimir Voroshilov 1988-yilgi ko‘rsatuvning suratga olish jarayonida

Foto: “TASS”

O‘yin birinchi bor efirga ketganida hech qanaqa magistrlar, qora qutilar va musiqali tanaffuslar bo‘lmagan. Moskvadan bo‘lgan ikki — Ivanovlar va Kuznetsovlar oilasi o‘zaro bellashgan. Avvaliga ularning biriga 10 ta savol, keyin ikkinchisiga yana shuncha savol yozib olingan. Har bir dasturda oilaviy xronika mavjud bo‘lgan, ya’ni bu ko‘proq “Hamma uydaligida” ko‘rsatuviga o‘xshab ketgan. Hozirgi kunda esa “Nima? Qayerda? Qachon?” ko‘rsatuvi — an’analariga rioya qiluvchilar, obro‘li homiy va katta pul mukofotlariga ega elitniy klubga aylangan.

Ertalab kitoblar — kechga pullar

“Rosatom” korporatsiyasi va yirik banklar hozirga kelibgina bilimdonlar hamda tomoshabinlarni yirik pul miqdori bilan mukofotlab kelmoqda. SSSRda esa pulga emas, kitoblardan iborat mukofotga xursand bo‘lishgan. 1991-yilning kuzida bilimdonlarga pul o‘rniga kitoblar berilgan. 90-yillar boshiga kelib, intellektual klub “kazino”ga, boshlovchi esa krupyega aylangan.

Ko‘rsatuvning shiori: “Intellektual kazino — pulni o‘z bilimingiz bilan ishlab topish mumkin bo‘lgan yagona joy”. Dastavval mukofot miqdori telefon orqali ovoz berishlar orqali aniqlangan — 1985-yilda Efiopiyada ochlikda aziyat chekayotganlar uchun tashkillashtirilgan Live Aid konserti kabi. “CHGK” har bir qong‘iroq uchun tanlangan savol hisobiga 1 rubldan qo‘shilgan. 2008-yilda savollar mualliflari teletomoshabinlar bo‘yicha o‘z jamoalariga keltirgan ochkolariga mos ravishda pul ola boshlagan: birinchisi uchun — 10 ming rubl, ikkinchisiga — 20 ming rubl, oltinchi, g‘alabali ochkoga esa 60 ming rubl.

Radik amakilarga qarshi

Yubiley o‘yinida teletomoshabinlardan biri “CHGK” studiyasida planshet ko‘rinishidagi noodatiy konvertni olib kelgan. U konvertni Kirovdagi bir ustada ko‘rib qolgan. Savol quyidagicha: “U qanday usta va uning oldiga nima maqsadda kelishadi?”. Balash Kasumov jamoasi uzoq vaqt bosh qotirgan va oxir-oqibat noto‘g‘ri javob bergan: “Poyabzal ustasi — charmning rangini aniqlash uchun”.

Kadr: “1 kanal”

To‘g‘ri javob esa juda oddiy bo‘lib chiqqan: “Bu bloknot tatuirovka chizadigan ustaning bloknoti bo‘lib, shu orqali u tasvir teriga qanday tushishini tomosha qilgan”. Radik Xabibullin ismli teletomoshabin ushbu savoli uchun 506 ming rubl olgan va klubning 40 yilligi munosabati bilan chizdirgan tatusini namoyish etgan.

Kadr: “1 kanal”

Hozirga qadar eng yirik mukofot puli 710 ming rublni tashkil etgan. 2008-yilda uni o‘sha Radik Xabibullin qo‘lga kiritgan. Yilning eng yaxshi o‘yini va Alyona Povisheva jamoasini tang ahvolga solib qo‘ygan Denis Matsuyev haqidagi savol bilan: “Menda har kuni qandaydir musiqa yangraydi — xoh sahnada bo‘lsin, xoh tushda. Albatta, kundalik hayotimda ham. Deyarli har kuni ikkinchi oktavadagi mi-bemolni eshitaman va shu ondayoq tinchlanaman. Agarda mi-bemol o‘rniga re-bekar, do-diez, do-bekar, si va, Xudo ko‘rsatmasin, si-bemolni eshitsam, xavotirlanishni boshlayman”. Radik so‘raydi: “Denis Matsuyevni nima, qayerda va qachon tashvishga soladi?”.

Bilimdonlar to‘g‘ri javobni topa olmagan, javob quyidagicha: pianist har yili samolyotda 300 soatdan ortiq parvoz qiladi. Shu sababli u samolyot dvigatelining tovushlarini notaga aylantirgan. Normal holatda uchayotgan samolyot dvigateli — ikkinchi oktavadagi mi-bemol bo‘ladi, qolgani esa Matsuyevni xavotirga soladi.

Savol natijasida Radik 710 ming rublni qo‘lga kiritgan — 60 ming savol uchun, 150 ming rubl — ushbu o‘yinning eng yaxshi teletomoshabini sifatida va yana 500 ming rubl “Nima? Qayerda? Qachon?”ning kuzgi mavsumini eng yaxshi o‘yinchisi sifatida. Xabibullinga “Billur ukki” berilgan.

“Ovoz” shousi

Aftidan, aynan Vladimir Voroshilov eng qiziqarli paradoksni paydo qilgan — butun mamlakatga ovozi, keyin esa o‘zi tanilgan. “Nima? Qayerda? Qachon?” boshlovchisi ko‘rsatuvni yuqoridan turib, inkognito rejimida o‘zini tanishtirmagan holda olib borgan. Shunday buyon o‘yin krupyesiga ismini aytmasdan, “hurmatli boshlovchi” deb murojaat qilishadi. Buning kreativ yondashuvga umuman bog‘liqligi yo‘q bo‘lib, balki zarurat tufayli yuzaga kelgan: Voroshilovning “Auksion” nomli mualliflik dasturi Siyosiy byuroning topshirig‘i bilan efir vaqtida bardlar — Aleksandr Galich, Vladimir Visotskiy, Yuriy Vizborning qo‘shiqlari ostida “savdo” qilgani sabab taqiqlangan.

Shuning uchun Vladimir Yakovlevichni ko‘rsatish taqiqlangan. 1980-yildagina boshlovchining ism va familiyasi efirda tilga olingan. 2001-yilda Voroshilovning o‘limidan so‘ng dasturga bunga qadar “Bir qarashda muhabbat” dasturida ishlagan o‘gay o‘g‘li boshlovchilik qilgan.

U bilan “Ovoz” shousi davom etgan — Kryukning kompyuterda qayta ishlangan ovozi anonim yangragan.

“Volchok” va ukki

“Nima? Qayerda? Qachon?” dasturining zastavkasida uzoq yillardan buyon ukkini ko‘rish mumkin. Aniqrog‘i, u Foma laqabli ukki. U o‘yinga 1977-yilda olib kelingan bo‘lib, “Goskino” hayvonot bazasidan topilgan. Qush butun ko‘rsatuv davomida qimirlamay o‘tirgan va shundan buyon dastur ramziga aylangan. 1984-yilda klubning eng yaxshi o‘yinchilariga “Billur ukki” topshirib kelinadi. 2002-yildan esa yil davomida eng yaxshi natijaga erishganlarga “Brilliant ukki” beriladi.

Foto: “KP.ru”

O‘yinning yana bir o‘ziga xos jihati — Volchok — 1976-yilda, o‘yin boshlanganidan bir yil o‘tib paydo bo‘lgan. Bilimdonlar aylantirgan ichida ot mingan chavandozi bor noodatiy yula (pildiroq)ni do‘kondan Vladimir Voroshilov olib kelgan. Bu Moskvadagi “Qizil proletariy” zavodida ishlab chiqarilgan oddiy o‘yinchoq bo‘lib, boshlovchi aslida uni o‘zi uchun sotib olgan.

Iroqning tinch aholisiga nisbatan sodir etilgan vahshiyligi uchun 5 karra umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan amerikalik askar

Mahmudiyadagi qotillik — 2006-yilning 12-martida besh nafar amerikalik askar tomonidan Iroqning Mahmudiya shahri yaqinidagi qishloqda sodir etilgan jinoyat. 14 yoshli qizcha amerikalik askarlar tomonidan zo‘rlangan, oilasi esa (onasi, otasi va besh yoshli singlisi) o‘tib tashlangan va ularning jasadlari yoqib yuborilgan.

Foto: Splash

14 yoshli Abir Qodim Hamza al-Janabiy oilasi bilan alohida fermada yashab kelgan, ularning uyi Amerikaning harbiy nazorat-o‘tkazish punktidan 200 metr narida joylashgan. Qo‘shnilar va qizning ukasining so‘zlariga ko‘ra, askarlar turli sabablar bilan fermaga kelib, Abirga shilqimlik qilgan. Qiz maktabga bormay qo‘ygani sabab kun bo‘yi uyda bo‘lgan, shu sababli askarlar uni tez-tez ko‘rib turgan.

2006-yilning 12-mart kuni 101-havo-desant diviziyasining 502-piyoda polka 1-batalyonining besh nafar harbiy xizmatchisi fuqarolik kiyimida oilaning uyiga bostirib kirgan. Bular — sejant Pol Kortez, mutaxassis Jeyms Barker, birinchi toifali oddiy askarlar: Jessi Spilman, Brayan Xovard va Stiven Grin.

Askarlardan biri (Grin) qizning otasi, onasi va singlisini boshqa xonaga olib chiqib, ularni otib tashlagan. Abirning o‘zi esa askarlar tomonidan zo‘rlangan va o‘ldirilgan. Marhumlarning jasadlari yoqib yuborilgan, qo‘shnilar tutunni ko‘rib, bu haqda Abirning amakisiga xabar bergan.

Avvaliga Amerika tergovi qurbonning yoshi 20 dan kichik bo‘lmaganini tasdiqlashga uringan, biroq keyinroq uning haqiqiy yoshi aniqlangan. Mazkur jinoyat Iroq aholisining noroziligiga sabab bo‘lgan. Ayblanuvchilardan birining advokati voqeani quyidagicha eslaydi: “Mahmudiyadagi mojaro — Iroqdagi amerikaliklarning xatti-harakati bilan bog‘liq birinchi holat emas. Oq uyning mamlakatda katta muammolari bor. Shu sababli bu ishni namoyishkorona hal etishga qaror qilishdi.

Stiven Grin

2006-yilning 30-iyunida jinoyat sodir etganlikda gumonlanib, birinchi toifali oddiy askar 21 yoshli Stiven Grin qo‘lga olingan. 2009-yilning 4-sentabrida Kentukki shtati Federal sudi Grinni sodir etgan jinoyatida aybli deb topib, uni besh karra umrbod qamoq jazosiga hukm etgan. Grin jazoni yengillashtirishga uringan, biroq barcha apellyatsiyalar rad etilgan. 2014-yilning 15-fevralida Grin Arizona shtatidagi qamoqxona kamerasiga o‘zini osgan holda topilgan.

Stiven Grin

Foto: Dawn

2006-yilning 10-iyulida serjant Pol Kortez, mutaxassis Jeyms Barker, birinchi toifali oddiy askarlar — Jessi Spilman, Brayan Xovard va serjant Entoni Eribe hibsga olingan. Shu yilning 15-noyabrida 23 yoshli Berker jinoyatga aloqador deb topilib, 90 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

2007-yilning 22-yanvarida 24 yoshli Pol Kortez 100 yilga, 3-avgustda esa 22 yoshli Jessi Spilman 110 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Oddiy askar Brayan Xovard zo‘rlash va qotillik jinoyatida bevosita ishtirok etmagan deb topilgan. Tergov xulosasiga ko‘ra, Xovardning vazifasi tashqaridagi vaziyatni kuzatib turish bo‘lgan. Bundan tashqari, u tergov vaqtida yolg‘on ko‘rsatma bergani va jinoyatchilarni yashirgani uchun aybli deb topilgan. Sudlanuvchi bor aybini tan olib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgani sabab sud uni 2 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etgan va “sharmandalarcha AQSH Qurolli Kuchlari tarkibidan haydagan”.

Abir Qosim Hamzaga 2 yoshida berilgan shaxsni tasdiqlovchi hujjat. U 1991-yilning 19-avgustida tug‘ilgan

Foto: Wikipedia

Iroqdagi isyonchilarning ta’kidlashicha, o‘sha yilda asirga tushgan ikki nafar amerikalik harbiy xizmatchining o‘ldirilishi aynan Abirning zo‘rlanishiga javob tarzida amalga oshirilgan. Askarlar 16-iyun kuni Yusufiyadagi nazorat-o‘tkazish punktiga amalga oshirilgan hujum vaqtida qo‘lga olingan. Ularning jasadlari bir necha kundan keyin qiynoq izlari bilan topilgan. Ko‘p o‘tmay internetda o‘ldirilganlarning jasadlari namoyish etilgan video paydo bo‘lgan, undagi bayonotda qayd etilishicha, askarlar Abir zo‘rlangani sabab o‘ldirilgan. Aniqlanishicha, marhum askarlar ham jinoyatda ayblangan harbiy xizmatchilar bilan bir vzvodda xizmat qilgan.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.