Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir beqiyos ustozligicha qolaveradi.

O‘zbekiston va jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rindi. O‘n yillar muqaddam aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ular haqida nima deb yozgan, ushbu voqea-hodisalarga jamoatchilikning munosabati qanday edi — bari “Kun matbuoti tarixi” rukni materiallarida.

Toshkent viloyati Keles shahrida 1992-yilning iyun oyida o‘tkazilgan bir vaqtning o‘zida o‘tkazilgan 150 nafar bolaning sunnati to‘yi marosimidan lavha. Foto: “O‘zbekiston ovozi”

90 yil avval. 1932-yil 17-iyun, juma

Toshkentda O‘zbekiston hukumatining yangi binosi foydalanishga topshirilgan, lekin shu haqidagi materialda ham tanqidga o‘rin topilganiga faqat qoyil qolish mumkin.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 17-iyun sonidan lavha

Qisqa satrlarda berilgan bir e’tiborga molik xabar: “1-iyulgacha O‘zbekiston militsiyasining barcha bo‘limlarida militsiya xodimlarining qonunga xilof harakati yuzasidan shikoyatlar uchun yashchiklar qo‘yiladi. Militsiya idorasi qoshida maxsus shikoyat byurosi tuziladi. Shikoyatlar eng qisqa muddatda tekshiriladi”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 17-iyun sonidan lavha

Dunyoda nima gap? Taniqli britaniyalik yozuvchi Bernard Shou SSSRni tuhmatchilardan himoya qilmoqda:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 17-iyun sonidan lavha

60 yil avval. 1962-yil 17-iyun, yakshanba

Bir muddat avval SSSR yetakchisi Nikita Xrushchyov mamlakat Konstitutsiyasini yangilash vaqti kelgani haqida ma’ruza o‘qigandi. Shu munosabat bilan Konstitutsiya komissiya tashkil etilgan. 15-iyun kuni esa komissiya majlisi bo‘lib o‘tgan:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 17-iyun sonidan lavha

“Antuan Gizengadan qo‘lingni tort!” sarlavhali xabardan iqtibos: “‘Imperialistlar va ularga yollangan kishilarning o‘zboshimchaligiga chek qo‘yish kerak! Antuan Gizenga ozod qilinishi kerak!’. Toshkent abraziv zavodi partiya komiteti sekretari Isayevning shu so‘zlarini necha yuzlab ishchilar gulduros qarsaklar bilan kutib oldilar”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 17-iyun sonidan lavha

Darvoqe, Amerikaning ig‘vogarona xatti-harakatlari, atmosferada atom bombalarini portlatishi yomon, juda yomon. Lekin jaz musiqasiga gap yo‘q. Shuning uchun ham Amerika jaz -orkestri sovet O‘zbekistonining poytaxti Toshkentda konsert berishiga hayron qolmaslik kerak.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 17-iyun sonidan lavha

Boy bo‘lish ayb hisoblangan zamondan yana bir qiziq material: Toshkentning Kuybishev (hozirgi Mirzo Ulug‘bek) tuman xalq sudi Mixail Rabinovichni har xil yo‘llar bilan boylik orttirish, haromxo‘rlik, tekinxo‘rlik qilib kelganini aniqlab, uni besh yilga badarg‘a qilish va mol-mulkini davlat foydasiga musodara etishga hukm qilgan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 17-iyun sonidan lavha

30 yil avval. 1992-yil 17-iyun, chorshanba

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bo‘ylab turne boshlagan. Birinchi manzil — Janubiy Koreya (quyida shu tashrif boshlangani haqida xabar). Keyingi manzillar — Malayziya va Indoneziya.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 17-iyun sonidan lavha

Bahor boshida butun O‘zbekistonni hayajonda ushlab turgan Namangandagi Mingbuloq neft konidan eng hayajonli xabarlar kelmayapti. “Quduqdan neft chiqishi to‘xtagani yo‘q, ancha kamaydi, xolos”, — deb vaziyatni tushuntiryapti kondagi mas’ullardan biri.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 17-iyun sonidan lavha

O‘zbekiston mudofaa ishlari vaziri Rustam Ahmedov MDH harbiy oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalarga murojaat qilgan:

Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on, Chortoq va Kosonsoy tumanlarida do‘l aralash jala quyib, bo‘ron ko‘tarilgan, oqibatda suv toshqinlari kelib chiqqan. “O‘zbekiston ovozi”ning O‘zAga asoslanib yozishicha, hodisa oqibatida 3 ta ko‘prik buzilgan, “Xalq so‘zi” gazetasi esa 4 ta ko‘prik buzilgani haqida yozgan.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 17-iyun sonidan lavha

Dunyoda nima gap? Turkmaniston prezidenti Saparmurod Niyozov shu yil oktabr oyidan e’tiboran aholi uchun elektr energiya, gaz va suv bepul bo‘lishini e’lon qilgan.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 17-iyun sonidan lavha

Ushbu material huquqlari mualliflarida saqlangan holda e’lon qilish sharti bilan “Daryo” internet-nashriga taqdim etildi