Samarqand tumanida quduq qazish vaqtida hushini yo‘qotgan erkak qutqaruvchilar yordamida chiqarib olindi, deb xabar beradi FVV matbuot xizmati.

Kadr: Telegram

Ma’lum qilinishicha, 15-iyun kuni soat 19:44 da Samarqand viloyati FVBga Samarqand tumani “Navbog‘chiyon” MFY Uzumzor ko‘chasida joylashgan xonadonlarning birida quduq qazish ishlarini olib borish vaqtida 31 yoshli fuqaro 8 metr chuqurlikda havo yetishmagani sabab hushini yo‘qotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Qutqaruvchilar zudlik bilan aytilgan manzilga yetib borib, maxsus qutqaruv asbob-anjomlari yordamida fuqaroni quduqdan sog‘-salomat chiqarib olib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan.

Avvalroq Chiroqchida artizan quduqqa tushib ketgan 6 yoshli bola bir kun o‘tib qutqarilgandi. Voqea joyiga zudlik bilan viloyat FVB qutqaruvchilari va tegishli xizmatlar kuch-vositalari yetib borgan. Qutqarish ishlariga FVB maxsus texnikalari, ya’ni ekskavator va greyder jalb etilgan va bola quduqdan chiqarib olingan edi.