Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida artizan quduqqa tushib ketgan bola qutqarilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. FVV matbuot xizmati quduqdan qutqarib olingan bola to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Foto: FVV matbuot xizmati

12-iyun kuni soat 14:01 larda tumanning Langar qishlog‘ida 6 yoshli  bola fuqaro dala maydonida qazilgan, 200 diametrli suvsiz artizan quduqqa tushib ketgan. Voqea joyiga zudlik bilan viloyat FVB qutqaruvchilari va tegishli xizmatlar kuch-vositalari yetib borgan. Qutqarish ishlariga FVB maxsus texnikalari, ya’ni ekskavator va greyder jalb etilgan. Olib borilgan maxsus qutqarish operatsiyasi natijasida bola 13-iyun kuni soat 10:25 da qutqarib olingan.

Ma’lum qilinishicha, maxsus qutqaruv operatsiyasida “Qalqama” mahallasida yashovchi 109-sonli maktabning 8-sinf o‘quvchisi Ozodbek Yo‘ldoshev ham qatnashdi. Kichik qahramon qutqaruvchilar va maxsus asbob-anjomlar yordamida quduqning tor tuynugidan o‘tib, bolakayni olib chiqqan.

“O‘z navbatida, yosh xaloskor qahramon — Ozodbekka barcha yurtdoshlarimiz qatori Favqulodda vaziyatlar vazirligi ulkan minnatdorlik bildiradi”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, o‘z vaqtida va tezkor olib borilgan qutqaruv operatsiyasi muvaffaqiyatli yakunlanib, bolajon hayoti saqlab qolingan, ayni vaqtda bolakay shifokorlar nazoratida, ota-onasi bag‘rida.