Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida ayol kishida maymunchechak kasalligi aniqlangani haqida xabar tarqaldi. Sanitariya-epidemiologiya xizmati xabarlarga raddiya berdi.

Foto: Telegram

Qayd etilishicha, Asaka tumani “Kujgan” mahallasida yashovchi Y.X. (1973-yilda tug‘ilgan) betob bo‘lgan. Bemor 3 kun uyida kelini tomonidan davolangan. Davolanish davrida bemor turli dori vositalarini qabul qilgan. 2 kun davomida badanlarida asta-sekin toshmalar paydo bo‘lib, og‘iz ichiga ham toshmalar toshgan. Asaka tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limida bir kun davomida davolangan. Lekin ijobiy o‘zgarish sezilarli darajada bo‘lmagan.

Shundan so‘ng, 12-iyun kuni soat 11:07 da u badaniga toshmalar toshish, tana harororati ko‘tarilish, bezovtalik, nafas bo‘g‘ilishi, o‘ta holsizlik shikoyati bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan muolajalar natijasida umumiy holatida yaxshilanish kuzatilib, oddiy palatada davolanish davom ettirilmoqda. Bemorga dori moddalarga allergik reaksiya tashxisi qo‘yilgan.