Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 11-iyun kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida siyosiy partiyalar fraksiyalari takliflari asosida maromiga yetkazilgan uchta qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda palata axborot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, majlisda deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqilgan. Unga ko‘ra, qonunga Saylov kodeksiga so‘nggi yillarda kiritilgan o‘zgartishlardan kelib chiqqan holda referendum o‘tkazuvchi komissiyalar vakolatlarini aniqlashtirish, komissiyalar qarorlari yuzasidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish, kuzatuvchilarning huquqlarini kengaytirish va boshqa bir qator tuzatishlar kiritish nazarda tutilgan.

Shuningdek, “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylov jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi va “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi qonunlar to‘ldirilib, bir qator qoidalar o‘rnatish belgilangan.

Deputatlar yuqoridagi uchta qonun loyihalarini “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi yagona qonun loyihasiga birlashtirib, uchinchi o‘qishda qabul qilgan.

Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi majlisi yana jonli efirga uzatilmadi. Avvalroq roppa-rosa 1 oy davomida majlislar jonli efirda yoritilmagani, shundan so‘ng 28-may kungi yalpi majlis videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilishi rejalashtirilgani haqida xabar qilingandi.

Prezidentning 2021-yil iyunda qabul qilingan “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi 1-dekabrdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashi sessiyalari (yopiq majlislar bundan mustasno) telekanallar, shuningdek, Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishini ta’minlashi belgilangandi.

Avvalroq Konstitutsiyaning nikohga oid bandiga o‘zgartirish kiritish taklifi bildirilgani, Akmal Saidov O‘zbekiston parlamentar respublikaga o‘tishiga erta ekanini aytgani haqida xabar berilgandi.