Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmati 11-iyun kuni brifing o‘tkazdi. Unda fuqarolardan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida kelib tushayotgan takliflar haqida ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, 11-iyun holatiga ko‘ra jami 20 148 ta taklif kelib tushgan. Ularning aksariyati “meningkonstitutsiyam.uz” platformasi orqali qabul qilingan. Takliflarning 11 306 tasi erkaklar, 6 422 tasi esa ayollar tomonidan yuborilgan. 2 420 tasi esa anonim jo‘natilgan.

Statistika takliflarning 70 foizidan ortig‘i 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardan kelib tushganini ko‘rsatgan. Toshkent shahri, Andijon, Farg‘ona, Surxondaryo, Jizzax viloyatlaridagi fuqarolar boshqa hududlarga nisbatan faol bo‘lgan.

Takliflar olimlar, mutaxassislar ishtirokida keng muhokama qilinib, norma holatiga keltirilgan. Ularning aksariyati inson huquqlari, mazkur huquqlarning kafolatlari, oila instituti, sud hokimiyati va boshqalarga oid masalalar hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 20-may kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, uning tarkibi va vazifalari belgilangandi.

26-may kuni Konstitutsiyaviy komissiyaning dastlabki yig‘ilishida fuqarolarning takliflari bilan ishlash mexanizmi ma’lum qilindi.