O‘zbekiston konstitutsiyasining 63-moddasidagi bandga o‘zgartirish kiritish taklifi bildirildi. Bu haqda 10-iyun kuni bo‘lib o‘tgan Konstitutsiyaviy komissiya yig‘ilishida komissiya a’zosi To‘lqin Karimov aytib o‘tdi.

Foto: Oliy Majlis qonunchilik palatasi

To‘lqin Karimovning ta’kidlashicha, 63-moddadagi bandni o‘zgartirish muhim ahamiyatga ega.

“Joylarda o‘tkazilgan uchrashuvlarimizda konstitutsiyamizning 63-moddasi, ya’ni oilaga bag‘ishlangan moddasiga taalluqli juda ko‘p takliflar berildi. Shundan kelib chiqib, 63 - moddadagi “nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi”, degan bandni, “nikoh ayol va erkakning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi”, deb qayd etish taklifi bo‘ldi”, — dedi u.

Ma’lum qilinishicha, mazkur modda o‘zgartirilsa, Oila kodeksining 2-moddasini ham o‘zgartirish kerak bo‘ladi. Ya’ni kodeksda so‘zlar erkak va ayol tartibida yozilgan, konstitutsiyada esa ular o‘rni almashtirilib — ayol va erkak deyilmoqda.

Yig‘ilishda Konstitutsiyaviy komissiya raisi o‘rinbosari Alisher Qodirov 63-moddaga tomonlar so‘z o‘rniga ayol va erkak so‘zlarining kiritilishi juda yaxshi taklif ekanini aytdi.

“Jamoatchilik tomonidan mazkur bandni o‘zgartirish fikrini qo‘llab-quvvatlanishi juda muhim. Hatto ko‘p uchrashuvlarda aytyapmiz, bundan 7-10 yil oldin ham bu keskinlik yo‘q edi. Konstitutsiyamizda mana shunga o‘xshagan bir tahdidiy holat bor ekaniga biz uncha e’tibor bermaganmiz. Ya’ni tomonlarning deganda, biz hozir g‘arb dunyosida tez rivojlanib ketayotgan o‘sha bir jinsli nikohlarni afsus bilan aytishimiz kerak. Ularda bu narsaga qonun darajasida, hatto konstitutsiyalarida ruxsat berildi. Va biz mana bu aniq belgilab ketayotganimiz normani ma’naviy merosimiz va qadriyatlarimizni himoya qilish timsoli sifatida ko‘rishimiz kerak. Taklifni to‘liq qo‘llab- quvvatlayman” — dedi “Milliy tiklanish” partiyasi raisi.