Andijon va Romitan tumanlarida o‘qish hamda ishga kiritish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi, deya xabar qilmoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Andijon tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro T.X. fuqarolar B. va A.ni tanishlari yordamida Andijon tibbiyot kollejiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, departamentning Romitan tuman bo‘limi tomonidan Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, viloyat Ko‘p tarmoqli markaziy shifoxonasi kichik tibbiy xodimi G.J. fuqaro G.ni vakolatli tanishlari orqali Buxoro shahar Tez tibbiy yordam bo‘limiga hamshira vazifasiga ishga joylashtirish evaziga 1 700 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.