Katta mablag‘ni o‘zlashtirishda ayblanayotgan Andijon shahri hokimi ushlab turilgan paytda qarorlarga imzo chekkani haqida xabar berilgan edi. Andijon viloyat adliya boshqarmasining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, hujjatlarga uning nomidan hokimlik devonxonasi mudiri imzo chekkan.

E-qaror” elektron platformasida Bahrom Haydarovning elektron imzosi orqali tasdiqlangan 6 va 7-iyun kunlari qabul qilingan qaror va farmoyishlar joylangan. Bu vaqtda hokim ushlanib, qamoqqa olingan edi.

Andijon viloyat adliya boshqarmasining bildirishicha, Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov 6-iyun kuni soat 16:50 da jinoyat ishi yuzasidan ushlangan bo‘lib, unga sud ajrimiga ko‘ra 7-iyun kuni qamoqda saqlash ehtiyot chorasini qo‘llanilgan.

6-iyun kuni soat 09:43 va 21:18 oralig‘ida hamda 7-iyun kuni 18:10 va 21:07 oralig‘ida hokimlik devonxonasi mudiri S. Qodirjonov tomonidan hokimga tegishli elektron raqamli imzodan foydalanilgan holda “E-qaror” platformasida 26 ta qaror va farmoyishlar imzolangan.

Hozirda ushbu qabul qilingan qaror va farmoyishlarning qonuniylig Andijon viloyati adliya boshqarmasi tomonidan joyiga chiqib o‘rganilmoqda.

UZINFOCOM MCHJ mutaxassislari tomonidan Andijon shahar hokimining “E-qaror” elektron tizimidagi shaxsiy kabineti Adliya vazirligining ko‘rsatmasiga asosan bloklandi.

Ushbu jarayonda hujjatlarni sohtalashtirish ehtimoli borligini inobatga olib, tegishli materiallar prokuratura organlariga yuboriladi. Har bir qabul qilingan qarorning qonuniyligi o‘rganib bo‘lmaguncha, ularni ijroga qaratish maqsadga muvofiq emasligi yuzasidan tegishli ijrochi organlarga xabarlar berildi.O‘rganish yakunlariga ko‘ra qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.