AOKAda “Maymunchechak kasalligiga qarshi ko‘rilayotgan epidemiologik chora-tadbirlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda shu kunlarda dunyoning qator davlatlarida tarqalayotgan maymun chechagi infeksiyasi xususida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov bir qator ma’lumotlar berdi, deb xabar qildi Sanitariya-epidemiologiya xizmati.

“Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu maymun chechagi virusi avvaldan fanga ma’lum virus hisoblanadi, har yili Afrika davlatlarida qayd etilib boriladigan kasallik bo‘lib, pandemiya holatini yuzaga keltirish xavfi pastligi ta’kidlanmoqda. Shuningdek, maymun chechagi virusi DNK tutuvchi bo‘lib, mutatsiyaga uchramaydi. Ushbu kasallik 2003-yilda AQSH, 2017—2019-yillarda Nigeriya, 2018-yilda Buyuk Britaniyada qayd etilgan, o‘lim holati juda kam uchragan”, — deydi Nurmat Otabekov.

Uning qayd etishicha, maymun chechagi kasalligi tabiiy o‘choqli, zoonoz kasallik bo‘lib, Markaziy va G‘arbiy Afrikaning ayrim hududlariga xos hisoblanadi. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, kasallik birinchi navbatda Afrikaning epidemik noxush bo‘lgan hududlariga borgan fuqarolar o‘rtasida qayd etilib, keyinchalik bemor odamdan sog‘lom odamga yuqish holatlari aniqlangan.

“Kasallikni O‘zbekistonga kirib kelishi ehtimoli mavjud, biroq maymun chechagi kasalligi qayd qilingan Yevropa mamlakatlarida bemorlarni muloqotdagilariga nisbatan alohidalash choralari olib borilayotgani, mamlakatimiz katta yoshdagi (1980-yildan avval tug‘ilgan aholi) aholisi chechakka qarshi rejali emlashni olgani sababli keng tarqalish xavfi past darajada deb baholanmoqda”, — degan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari.

Nurmat Otabekov 23-may kuni O‘zbekistonda maymunchechak qayd etilmagani haqida aytib o‘tgandi. “Ayni paytda JSST tavsiyalaridan kelib chiqib bu infeksiyaning yurtimizga kirib kelmasligi uchun zarur choralarni ko‘ryapmiz”, — degandi u.