Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston prezidenti tomonidan 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga sovg‘a sifatida barcha bolalarga 200 ming so‘mdan pul berilishi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Telegram’dagi “Antifake.uz” kanalining yozishicha, mazkur xabarlar haqiqatga mos kelmaydi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Mazkur xabarlar yolg‘on va haqiqatga mos kelmaydi. Aholi o‘rtasida yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik mavjud”, — deyiladi munosabatda.

Avvalroq “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori imzolangan edi. Unga ko‘ra, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining bir qator qatlamlariga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Jumladan, yoshga doir, nogironlik pensiyasi va nafaqasini oluvchilarga, bolalikdan nogironlik nafaqasini hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini va nafaqasini oluvchi har bir oila a’zosiga hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishlash nafaqasini oluvchilarga:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – 300 ming so‘mdan;
  • Toshkent shahrida – 400 ming so‘mdan.

Bundan oldin O‘zbekistonda 1-iyundan tibbiyot xodimlarining oylik maoshlari oshirilishi, pensiyani plastik kartada oluvchilarga 1 foiz qo‘shimcha pul berilishi, xorijda ishlayotgan fuqarolar va ularning oila a’zolariga moddiy yordam ko‘rsatilishi xabar qilingan.