2022-yil 24-may kuni Toshkentdan Moskvaga uchgan Nargiz Zokirova Domodedovo aeroportida hibsga olingani haqida xabar berilgandi. Xonanda 2072-yilgacha Rossiyaga kirish taqiqlangani sababli O‘zbekistonga qaytishga majbur bo‘ldi. Bu haqda uning advokati Bahrom Ismoilov ma’lum qildi, deb yozadi “Pravila jizni”.

Foto: “Pravila jizni”

“Qo‘limda Rossiyaga kirishni 50 yilgacha taqiqlash to‘g‘risidagi qaror bor. Bu maxsus operatsiyani qoralayotgan mashhur shaxslarga qo‘llaniladigan standart taqiq. Bu cheklov Nargiz Zokirovaga ham qo‘yilgan. Nargiz ham bunga tayyor edi. U bunday choralar ko‘rilishini avvalroq taxmin qilgan. Shunga qaramay, mening himoyamdagi shaxs o‘zining fuqarolik pozitsiyasiga sodiq qoladi”, — dedi xonandaning advokati.

Qayd etilishicha, Nargiz Zokirovaga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilmagan. Xonanda Amerika fuqaroligiga ham ega bo‘lib, u 1995-yilda ota-onasi bilan AQSHga ko‘chib o‘tgan. 2013-yilda u “Golos” vokal shousida ikkinchi o‘rinni egallagan, shundan so‘ng xonanda Rossiyada ijodiy faoliyatini boshlagan.