Oliy Majlisi Senatining yigirma oltinchi yalpi majlisi 28-may kuni soat 10:00 da ish boshlaydi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, yig‘ilish Toshkent shahrida Senatning majlislar zalida bo‘lib o‘tadi. E’tiborlisi, yalpi majlis videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilishi rejalashtirilgan — Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib boriladi.

Senat majlislarining jonli efiri masalasi

Palata yalpi majlislari 2019-yilda Senatga Tanzila Norboyeva rais etib saylangach, jonli efirga uzatilishini yo‘lga qo‘ygan va 28-aprelgacha o‘tkazilgan barcha yalpi majlislar to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatib kelinayotgandi.

Shu kungi majlis Senatning ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida efirga uzatilmadi. UzReport telekanali orqali namoyish etilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri efiri 18 daqiqagina davom etdi. To‘g‘ridan to‘g‘ri efirning deyarli 10 daqiqasida jurnalist Maqsuda Abduqayumova kun tartibida ko‘rib chiqiladigan qonunlar to‘g‘risida gapirdi. 11-daqiqada madhiya yangraganidan so‘ng, Tanzila Norboyeva prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi, 2022—2026-yillarda Qoraqalpog‘istonni rivojlantirishning besh yillik dasturi haqida, Samarqand va Jizzax viloyatlarida sodir bo‘lgan suv toshqinlari haqida so‘zladi. Norboyeva senatorlardan u yoki bu masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalarini so‘radi, shundan so‘ng efir uzilib qoldi.

Prezidentning 2021-yil iyunda qabul qilingan “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi 1-dekabrdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashi sessiyalari (yopiq majlislar bundan mustasno) telekanallar, shuningdek, Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishini ta’minlashi belgilangandi.