18:16, 26.05.2022 4463

Konstitutsiyani o‘zgartirish uchun yuborilgan takliflar qancha muddatda ko‘rib chiqilishi va qanday holatda rad etilishi ma’lum qilindi

Konstitutsiyaga o‘zgartirish va kiritish yuzasidan ikkita holatda yuborilgan takliflar qabul qilinmaydi. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbatda aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Bobur Bekmurodovning aytishicha, bugungi kungacha Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha mulk huquqi, fuqarolarning ekologik huquqlari bilan bog‘liq takliflar kelib tushgan.

“Ularning ayrimlari bugun misol sifatida e’lon qilindi. Komissiyaning keyingi yig‘ilishida aniq takliflar muhokama qilinadi. Yuborilgan har bir taklif 20 kun muddatda ko‘rib chiqiladi”, — deydi u.

“Yuksalish” umummilliy harakati raisi ikkita holatda yuborilgan takliflar qabul qilinmasligini aytdi.

“Birinchisi, Konstitutsiyaviy islohotlar bilan bog‘liq bo‘lmagan takliflar bo‘lsa ular ham ko‘rib chiqiladi, lekin komissiya ko‘rib chiqish uchun kiritilmaydi, tegishli boshqa organlarga yuboramiz. Ikkinchisi, belgilangan muddatdan kech yuborilgan murojaatlar ham ko‘rib chiqilmaydi. Boshqa barcha holatlarda u xoh tahririy o‘zgarish bo‘lsa, xoh munosabat bo‘lsin yoki konkret konstruktiv takliflar bo‘lsa ularning barchasi ko‘rib chiqiladi”, — deya qo‘shimcha qiladi Bobur Bekmurodov.

Eslatib o‘tamiz, 20-may kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, uning tarkibi va vazifalari belgilangandi.

26-may kuni Konstitutsiyaviy komissiyaning dastlabki yig‘ilishida fuqarolarning takliflari bilan ishlash mexanizmi ma’lum qilindi.

Boshqa yangiliklar