16:33, 26.05.2022 11582

“Hech bir qonun Konstitutsiyaga zid bo‘lmasligini ta’minlab berishimiz kerak” – Akmal Saidov

Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha eng ko‘p takliflar ijtimoiy masalalarga qaratilgan. Bu haqda 26-may kuni o‘tkazilgan Konstitutsiyaviy komissiyaning ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifingida komissiya raisi Akmal Saidov ma’lum qildi, deb xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Akmal Saidovning aytishicha, Konstitutsiyani o‘zgartirish yuzasidan birinchi tushgan takliflar amaldagi 9 ta moddaga taalluqli.

“Bir qismi sof yuridik harakterdagi takliflar, ayniqsa Konstitutsiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash bo‘yicha. Chunki hozirgi kunda Oliy suddan tashqari, birorta oddiy tuman, viloyat sudlari Konstitutsiyaga havola qilmaydi. Oliy sud plenumining qarorlarida bor konstitutsiyaga havola qilish. Shuning uchun aytilyaptiki, agar imkon bo‘lsa oddiy tuman sudi ham konstitutsiyaga havola qilsa, bu konstitutsiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri harakat qilishini ko‘rsatish mumkin. Keyin Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga ega ekanligiga urg‘u berilyapti. O‘zbekistonda hech bir qonun konstitutsiyaga zid bo‘lishi kerak emas”, — deydi u.

Konstitutsiyaviy komissiya raisining ta’kidlashicha, eng ko‘p takliflar ijtimoiy masalalarga qaratilgan.

“Biz Konstitutsiyadan O‘zbekistonning ijtimoiy davlat ekanligini ko‘rsatishimiz kerak. Harakatlar strategiyasi hamda Yangi O‘zbekitonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan aniq, manzilli ijtimoiy-siyosat, albatta, Konstitutsiyada bo‘lishi kerak. Konstitutsiyamizda “O‘zbekiston ijtimoiy davlat” degan tushuncha mustahkamlanmagan. O‘zbekiston demokratik Respublika degan tushunchalar bor, lekin O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekanligi mustahkamlanmagan. Aholining sog‘ligini saqlashni, ta’lim bo‘lgan huquqlarini yoki aholining turli himoyaga muxtoj qatlamlarini, bular to‘g‘risidagi masalalar mustahkamlanishi ham kerak”, — deydi Akmal Saidov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, komissiyamizning keyingi majlisida barcha masalalar moddama-modda ko‘rib chiqiladi.

“Bu islohot — har bir O‘zbekiston fuqarosiga taalluqli. Birorta inson konstitutsiyasiz hayotini tasavvur qilishi mumkin emas. Har bir insondan xohlardikki “mening konstitutsiyam” degan e’tiqodni shakllantirishimiz kerak bo‘ladi. 2022-yil uchun eng ulkan siyosiy voqea — O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘ladi. Avvalroq aytgan gapim OAVlarda tarqab ketibdi. Haqiqatanam hozirgi dunyodagi eng asosiy sharpa — konstitutsiyaviy islohotlar sharpasi. Nima uchun Marks va Engelsni aytdim, ular Yevropada kommunizm sharpasi kezib yurganini aytishgan. Men butun dunyoda Konstitutsiyaviy islohotlar insoniyatning diqqat markazida. O‘zbekiston ham umumjahon taraqqiyot tendensiyalari yo‘lidan boryapti”, — deydi Konstitutsiyaviy komissiya raisi.

Eslatib o‘tamiz, 20-may kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, uning tarkibi va vazifalari belgilangandi.

24-may kuni Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov “Inson qadri” onlayn platformasi va “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” to‘plami taqdimotida so‘zlagan nutqida butun dunyoda Konstitutsiyaviy islohotlar sharpasi kezib yurgani haqida aytgan edi.

26-may kuni Konstitutsiyaviy komissiyaning dastlabki yig‘ilishida fuqarolarning takliflari bilan ishlash mexanizmi ma’lum qilindi.

Boshqa yangiliklar