Konstitutsiyaning 9 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar kelib tushgan. Bu haqda 26-may kuni Konstitutsiyaviy komissiyaning birinchi yig‘ilishida komissiya yig‘ma axborot-tahlil guruhining rahbari Mirafzal Mirakulov ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Mirafzal Mirakulovning aytishicha, kelib tushgan takliflar Konstitutsiyaning 13, 15, 29, 37, 40, 41, 53, 78, 80-moddalari bilan bog‘liq.

“Xususan, insonning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi bo‘yicha takliflar kelgan. Shuningdek, Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga ega bo‘lib, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi kerak, ya’ni sudlarimiz ham, davlat organlari ham Konstitutsiyaga bevosita amal qilishlari yozib qo‘yilishi kerak degan takliflar kelib tushmoqda. Bundan tashqari, har kimning axborot resurslari, kommunikatsiya texnologiyalari va internetdan erkin foydalanish huquqiga egaligi ham Konstitutsiyada alohida qayd qilinishi kerak, buni ham loyihaga kiritish bo‘yicha takliflar kelmoqda”, — deydi Mirafzal Mirakulov.

Ta’kidlanishicha, har bir shaxsning xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan adolatli va qulay mehnat sharoitlarida ishlashi bo‘yicha ham takliflar kelmoqda. Shuningdek, fuqaro eng kam oylik ish haqidan kam bo‘lmagan tarzda taqdirlanish huquqiga ega bo‘lish bo‘yicha takliflar kelgan.

“ ‘Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning nafaqat o‘zi, balki oilasini ham hayot kechirishi uchun yetarli miqdorda bo‘lishi kerak, buni Konstitutsiyada yozib qo‘yinglar’, degan takliflar ham kelib tushmoqda. Shu bilan birgalikda “davlatni aholi ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlarni Konstitutsiyada yozib qo‘yish kerak, ijtimoiy davlatning muhim belgilaridan biri”, — degan takliflar ham mavjud. Davlatning ishsizlik va kambag‘allikni tugatish uchun o‘zining barcha imkoniyatlaridan foydalanish majburiyati bo‘yicha takliflar kelib tushmoqda. Yana fuqarolarning tibbiy yordamni qonunda belgilangan, kafolatlangan hajmini bepul olishga haqliligi alohida qayd qilinishi bo‘yicha takliflar kelib tushgan”, — deydi Konstitutsiyaviy komissiya yig‘ma axborot-tahlil guruhi rahbari.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Uning aytishicha, sog‘liqni saqlashning barcha turlari, xususan, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va tibbiy sug‘urtani yaxshilash bo‘yicha takliflar bor.

“Har bir insonning sog‘lom va qulay atrof-muhitga, uning holati haqidagi haqqoniy axborotga ega bo‘lish hamda o‘z sog‘ligiga yoki mulkiga ekologik huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi huquqiga egaligi yuzasidan takliflar kelgan. Davlat har bir bolani umumiy o‘rta ta’lim maktabda o‘qishi uchun davlatga qarashli maktabgacha ta’lim muassasalarida umumiy o‘rta ta’limga tayyorlash bo‘yicha majburiy 1 yillik tayyorgarlikdan o‘tish huquqini kafolatlashi lozimligi, davlat iqtidorli yoshlarni ularning moddiy ahvolidan qat’i nazar, ta’limni davom ettirishni kafolatlashi kerak degan takliflar ham kelib tushmoqda”, — deya qo‘shimcha qiladi komissiya vakili.

Mirafzal Mirakulov oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalarini qonunda belgilangan doirada erkinlik berilishi kerakligi yuzasidan takliflar kelganini aytdi.

Qayd etilishicha, hech bir shaxs o‘zining mulkidan sud qarorisiz mahrum etilishi mumkin emasligi bo‘yicha takliflar kelgan. Bundan tashqari, mulkni jamoat ehtiyojlari uchun majburiy ravishda boshqaga o‘tkazish qonunda nazarda tutilgan istisno holatlarda hamda unga mulkning o‘rni oldindan va teng miqdorda qoplangan taqdirdagina amalga oshirish yuzasidan takliflar bor.

“Davlat xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit hamda sharoitlarni ta’minlashi, iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi ham baralla yangramoqda”, — deydi u.

Eslatib o‘tamiz, 20-may kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, uning tarkibi va vazifalari belgilangandi.

26-may kuni Konstitutsiyaviy komissiyaning dastlabki yig‘ilishida fuqarolarning takliflari bilan ishlash mexanizmi ma’lum qilindi.