Farg‘onada firibgarlik jinoyati sodir etgani uchun jazo o‘tab kelayotgan ayol yana shu jinoyat ustida qo‘lga tushdi. Bu haqda Farg‘ona viloyati IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, M.R ismli (1980-yilda tug‘ilgan) ushbu ayol fuqaro G‘.X.ni 5 ming dollar evaziga IIV akademiyasiga o‘qishga olib kirib qo‘yishni va’da qilgan. 19-may kuni oldindan kelishilgan pullardan 1000 dollarini olayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (takroran firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ushbu moddada ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.