Andijon viloyatining Marhamat tumanida hokim yordamchisi o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda “Daryo” so‘roviga javoban Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2022-yilning 16-aprel kuni soat 16:15 da Marhamat tumanidagi “Polvontosh” mahallasida hokim yordamchisi sifatida ishlab kelgan 38 yoshli M.F. yashash xonadonidagi molxona to‘siniga osilgan holda topilgan.

Holat yuzasidan Marhamat tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

Marhumni tanigan insonlarning ma’lum qilishicha, uning o‘limiga oilasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar, tijorat banklaridan olgan kredit qarzdorliklari va boshqa muammolar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, aprel oyi boshida undan ishdan bo‘shash to‘g‘risidagi arizasi olingan. Biroq u bilan tuzilgan shartnoma o‘limidan so‘ng bekor qilingan.

“Daryo” muxbirining aniqlashtirishicha, Marhamat tumani hokimining 2022-yil 30-apreldagi qaroriga asosan hokim yordamchisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi hokim qarori chiqishidan avvalroq, 27-aprelda bekor qilingan.