O‘zbekiston prezidentining rasmiy veb-saytiga o‘xshash soxta havolali sayt yaratildi, deb ogohlantirmoqda Telegram’dagi “AntiFake.uz” kanali.

Foto: Telegram / Olimjon Haydarov

Qayd etilishicha, havolada “bolalalari bor har bir oilaga budjetdan 650 ming so‘m pul ajratilishi” haqida yolg‘on axborot berilgan. Pulni olish uchun fuqarolardan shaxsga doir hamda plastik karta to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish so‘ralgan.

“Fuqarolardan bu kabi soxta saytlarga kirmaslikni so‘rab, virtual firibgarlardan ogoh bo‘lishga chaqiramiz”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, hozirda mazkur soxta havolaga kirish imkoniyati mavjud emas.

Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy veb-sayti bilan bir xil dizaynda tayyorlangan feyk sayt ochilgani, unda turli yolg‘on ma’lumotlar tarqatilayotgani xabar qilingandi. Soxta veb-saytning asosiy fonida vaksina olganlarga 750 ming so‘m miqdorida pul mablag‘i berilishi aytilgan. Buning uchun shaxsiy ma’lumotlarni kiritish so‘ralgan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda yangi qonun kuchga kirishi natijasida endi barcha telefon qo‘ng‘iroqlari yozib olinib, ijtimoiy tarmoq va forumlar nazoratga olinishi, doimiy kuzatuvda bo‘lishi aytilgan xabarlar tarqalgandi. O‘zbekistondagi soxta axborotlarga raddiya beruvchi rasmiy manba “AntiFake.uz” holatga munosabat bildirib, mazkur xabarlar yolg‘on va haqiqatga mos kelmasligini, aholi o‘rtasida yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik mavjud ekanini ma’lum qilgandi.