Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni vazirlikning rasmiy veb-sayti bilan bir xil dizaynda tayyorlangan feyk sayt ochilganini, unda turli yolg‘on ma’lumotlar tarqatilayotgani sabab ogohlantirdi.

Skrinshot: “Daryo”

Qayd etilishicha, soxta veb-saytning asosiy fonida vaksina olganlarga 750 ming so‘m miqdorida pul mablag‘i berilishi aytilgan. Buning uchun shaxsiy ma’lumotlarni kiritish so‘ralgan.

“Yuqorida keltirilgan axborot firibgarlik maqsadida tarqatilgan bo‘lib, u hech qanday rasmiy asosga ega emas. Shu bois vazirlik aholidan bu kabi feyk xabarlarga ishonmasliklarini, vaksinatsiya jarayonlari bilan bog‘liq eng to‘g‘ri ma’lumotlarni Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy sahifalari orqali olishlari mumkinini eslatib o‘tadi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda vaksina olgan fuqarolar uchun 750 ming so‘m miqdorida pul mablag‘i berilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. SSV holatga munosabat bildirib, xabarlar asossiz ekanini ma’lum qilgandi.