Mualliflik huquqini buzgan SanJay shoirga jami 94 million so‘m miqdorida tovon puli va ma’naviy zarar to‘lashi lozimligi sudning qarori bilan tasdiqlandi. Bu haqda Intellektual mulk agentligi xabar qildi.

Foto: “Daryo” / kollaj

Qayd etilishicha, 13-yanvar kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yakkasaroy tumanlararo sudi tomonidan Mualliflik va turdosh huquqlar himoyasi jamiyatining a’zosi shoir Usmon Azim manfaati uchun javobgar Sanjar Javberdiyevga (SanJay) nisbatan mualliflik huquqlari buzilishiga chek qo‘yish, mualliflik huquqlari buzilgani tufayli tovon puli va ma’naviy zarar undirish to‘g‘risidagi fuqarolik ishi ko‘rib chiqilgan.

Ko‘rib chiqish davomida Sanjar Javberdiyevning Usmon Azim qalamiga mansub “Karvon” nomli she’rdan muallifning roziligini olmagan holda, xususan, kelishuvga erishmasdan yoki shartnoma tuzmasdan foydalanib, qo‘shiq ijro etgani hamda internet orqali ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgani o‘z tasdig‘ini topgan.

Sud tomonidan taraflar o‘rtasida kelishuvga erishilmagani, muallifning roziligisiz uning she’ridan foydalanilgani inobatga olinib, javobgar Sanjar Javberdiyevdan shoir Usmon Azim foydasiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari (54 million so‘m) miqdorida tovon puli va 40 million so‘m miqdorida ma’naviy zararni undirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Avvalroq Sanjaydan shoir Usmon Azim foydasiga 97 million 800 so‘m undirilishi aytilgandi. Javobgar Sanjar Javberdiyevning qilgan harakatlari O‘zbekiston “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonuniga zid deb topilgan.