Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidan saylangan deputat Bekzod Berdiyev Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdagi sessiyasida tumanda deputatlar so‘roviga javob berish masalasi achinarli ahvolda ekanini ma’lum qildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Bekzod Berdiyev.

Foto: “Daryo”

“Tumanda bir portalchi fuqarocha obro‘-e’tiborimiz yo‘q. Tashkilot va korxona rahbarlarining so‘rovimizga javob berish masalasi judayam achinarli ahvolda. Deyarli javob berilmaydi, desak ham bo‘ladi. Lekin deputatlik so‘rovimizga javob bermagan o‘sha tashkilot rahbari shikoyatchi fuqaroga tezda javob xati qaytaradi. Bu nima degani, bu biz deputatlarning o‘sha portalchi fuqarocha obro‘miz, ta’sirimiz yo‘q degani”, — deydi deputat Bekzod Berdiyev.

Foto: “Daryo”

Deputat tashkilot va korxona rahbarlarining deputatlik so‘roviga javob berish masalasini sessiyada ko‘rib chiqishni taklif qildi.

“Tumanda tashkilot va korxona rahbarlarining deputatlik so‘roviga javob berishiga bag‘ishlab, alohida sessiya chaqirishni taklif qilaman. Deputat so‘roviga javob bermagan yoki javob berishni paysalga solib kelayotgan tashkilot rahbarlarining ishda qolish-qolmaslik masalasini ham muhokama qilishimiz kerak. Ana shundagina deputat so‘roviga nisbatan e’tiborliroq bo‘lisharmidi?” — dedi tuman kengashi deputati Bekzod Berdiyev.

Foto: “Daryo”

Xalq deputatlari tuman kengashi kotibiyati mudiri Kamoliddin Xushvaqtov deputat tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, navbatdagi sessiyada tashkilot va korxona rahbarlari ishtiroki ham ta’minlanib, rahbarlarning deputatlar so‘roviga javob berish masalasi muhokama qilinishini ma’lum qildi.